Jahon | 11:56 / 18.10.2024
13655
2 daqiqa o‘qiladi

Hamasning yangi rahbari ma’lum qilindi

Yahyo Sinvar o‘limidan keyin Xolid Mashal Hamas siyosiy byurosi rahbarligiga qaytgan.

Foto: Getty Images

Yahyo Sinvar o‘limidan keyin falastinliklarning Hamas harakati rahbarligini Xolid Mashal o‘ziga qabul qildi, deb xabar bermoqda Livandagi LBCI telekanali.

Nashr manbalariga ko‘ra, harakat rahbari vazifasini bajaruvchi rolida Mashal Isroil bilan muzokaralardagi muhim tomonlar bilan aloqalarga mas’ul bo‘ladi. 

Hamas rahbariyati allaqachon muzokaralardagi vositachilar bo‘lmish Turkiya, Qatar hamda Misrni Yahyo Sinvarning o‘limidan xabardor qilgani aytilgan. Shu bilan birga, Hamasdagilar uning o‘limi tufayli asirlarni almashish va G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar «yanada murakkablashishi va chalkashishi»ni qayd etishgan.

Isroil mudofaa armiyasi 16 oktyabr kuni G‘azo sektorida Yahyo Sinvar va yana ikki falastinlik o‘ldirilganini xabar qildi. Sinvar Hamasning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroil hududiga amalga oshirgan hujumining asosiy tashkilotchisi va mafkurachisi hisoblangan. U 2017 yildan Hamasning G‘azo sektoridagi bo‘limi rahbari bo‘lgan, 2024 yil avgustida — Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilganidan keyin uning o‘rniga Hamas siyosiy byurosi rahbariga aylangandi.

Xolid Mashal 1996 yildan 2017 yilgacha Hamas siyosiy byurosiga rahbarlik qilgan. Saylovlarda Haniyaga yutqazganidan keyin u Quvayt, Iordaniya va Suriya kabi mamlakatlarda yashaydi. 1998 yilda Isroil maxsus xizmatlari Iordaniyada Mashalni zaharlashgandi va u koma holatiga tushib qolgandi. O‘shanda Isroil Iordaniya bilan diplomatik kelishuv doirasida ziddi zahar bergan. So‘nggi yillarda Mashal Qatarda yashab kelmoqda va Hamasning Falastin muxtoriyati hududlaridan tashqaridagi yetakchilaridan biri sanaladi.

Mavzuga oid