Hamas G‘azodagi politsiya va xavfsizlik kuchlariga tegishli minglab avtomat miltiqlar hamda boshqa qurollardan voz kechishi mumkin. Ammo bu yon berish Isroil va AQSh talablariga to‘liq javob bermaydi.
Falastindagi qurolli qarshilik guruhi – Hamas G‘azodagi politsiya kuchlari va boshqa ichki xavfsizlik xizmatlariga tegishli minglab avtomat miltiqlar va boshqa qurollardan voz kechishga tayyor. Bu haqda New York Times savollariga javob bergan Hamas siyosiy rahbariyatining G‘azodagi ikki mulozimi ma’lum qildi. Ularning izohlari o‘tgan hafta Qohirada Hamas va «Tinchlik kengashi» rasmiylari o‘rtasida muzokaralar ketayotgan bir vaqtda yangradi.
2023 yil oktyabrda G‘azoda boshlangan 2 yillik urush davomida ham, undan keyin ham Hamas rasmiylari xalqaro OAV bilan kamdan kam muloqot qiladi. Bu qisman – Isroil aloqalarni tutib olishi, bu ma’lumotlardan ularni nishonga olish uchun foydalanishi xavotiri bilan bog‘liq.
Buning o‘rniga, odatda Qatar, Turkiya va Livandagi Hamas yetakchilari guruh nomidan gapiradi. Shunga qaramay, G‘azodagi harbiy va siyosiy yetakchilar doimiy sulh yoki Hamasning kelajakdagi roli bo‘yicha qaror qabul qilishda kuchli ta’sirga ega.
Qurollarni qisman topshirishga oid bu qadam – hozirgacha o‘z qurollaridan voz kechishga qarshilik qilib kelgan Hamas uchun juda katta yon berish bo‘ladi. Mulozimlarning aytishicha, Hamas ushbu qurollarni – «Tinchlik kengashi» tomonidan G‘azoni boshqarish uchun tashkil etilgan Falastin ma’muriy qo‘mitasiga topshirishga moyil. Qo‘mita Hamasning harbiy qanotiga tegishli qurollarni ham musodara qila oladimi, degan savolga guruh mulozimlari aniq javob bermadi.
Kimda qanday qurollar bor?
G‘azoda Hamas boshqaruvidagi hukumat politsiya va ichki xavfsizlik xizmatlarini nazorat qiladi. Hamasning taklifida politsiyadan tashqari qaysi xizmatlar qurollarini topshirishi aniq ko‘rsatilmagan, ammo bu ichki razvedka agentligini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Tahlilchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, Hamasning harbiy qanoti politsiya kuchlariga qaraganda ancha ko‘p qurolga ega. Jumladan, ularda o‘n minglab avtomatlar va tankka qarshi raketalar kabi og‘ir qurollar mavjud.

















