Jahon | 19:32 / 23.10.2024
1198
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda McDonaldʼs chizburgerlaridan o‘nlab insonlar zaharlandi. Bir kishi vafot etdi

Zaharlanganlarning aksariyati McDonaldʼs tezpishar yeguliklar tarmog‘idagi Quarter Pounder burgerini iste’mol qilganliklarini bildirgan.

Foto: AP

AQShning 10 ta g‘arbiy shtatida ichak infeksiyasi (E. coli O157:H7) bilan zaharlanish bo‘yicha kamida 49 ta holat qayd etildi. Bu haqda Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi CDC) xabar berdi.

Qayd etilishicha, zaharlangan fuqarolardan biri — keksa erkak vafot etgan. Yana to‘qqiz kishi, jumladan, gemolitik-uremik sindromi bor bola shifoxonaga yotqizilgan.

Zaharlanganlarning aksariyati McDonaldʼs tezpishar yeguliklar tarmog‘idagi Quarter Pounder burgerini iste’mol qilganliklarini bildirgan. Tergov davomida McDonaldʼs qator shtatlarda to‘g‘ralgan piyoz va mol go‘shtidan tayyorlangan kotletlardan foydalanishni to‘xtatib turadi. CDC’ning aniqlik kiritishicha, tergov «tez siljimoqda», zaharlanish aynan to‘g‘ralgan piyoz sabab kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, oshqozonda qattiq og‘riq paydo bo‘lishi, diareya va qayd qilish, bu — zaharlanishning asosiy belgilaridir. Odatda kasallik belgilari bakteriyalar organizmga tushganidan 3-4 kun o‘tib paydo bo‘ladi va hech qanday davolashlarsiz ham 5-7 kunda o‘tib ketadi.

McDonaldʼs tergovning dastlabki xulosasiga tayanib, sifatsiz piyoz «uchta taqsimlash markazlariga xizmat ko‘rsatgan bitta yetkazib beruvchi» bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi. Quarter Pounder chizburgeri zaharlanish holatlari aniqlangan shtatlarda menyudan olib tashlangan.

CNBC’ning qayd etishicha, mazkur yangilikdan keyin McDonaldʼs aksiyalari birjadan tashqari savdolarda taxminan 7 foizga tushib ketgan.

Mavzuga oid