Jahon | 17:10 / 26.10.2024
9475
10 daqiqa o‘qiladi

Inson matonati – 61 yoshida supermarafonda g‘olib chiqqan avstraliyalik cho‘pon

1983 yilda Avstraliyada supermarafonga start beriladi. Unda qatnashayotganlarning aksariyati yoshi 30 ga to‘lmaganlar edi. Sportchilar orasida boshqalarni ajablantirib keksa yoshdagi bir inson ham yugurishga tayyorgarlik ko‘rardi.

Avstraliya ajabtovur mamlakat. Quruqlikda chegaralari bo‘lmagan va to‘rt tomonini suv o‘rab turgan bu qit’a-davlatning o‘ziga xos tabiati, hayvonot dunyosi, an’ana-udumlari hamda sport musobaqalari bor.

1980-yillarda Avstraliyada g‘alati bir musobaqa o‘tkazilgan va u qariyb 10 yil davomida har yili tashkillashtirilgan.

Sidney-Melburn supermarafoni” deb atalgan bu musobaqada sportchilar bir necha kun davomida Sidneydan Melburngacha bo‘lgan 875 km masofani yugurib o‘tishlari kerak edi.

Bu musobaqa birinchi marta 1983 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda unda qatnashish uchun dunyoning eng kuchli atletlari kelishadi. Marafonda qatnashmoqchi bo‘lgan sportchilarning yoshi 30 gacha edi.

Sportchilar orasida fermerlar kiyimida bo‘lgan keksa yoshdagi bir inson ham bamaylixotir yugurishga tayyorgarlik ko‘rardi. Uni payqab qolgan OAV muxbirlari darhol sportchidan intervyu olishga kirishishadi. Bu 61 yoshli cho‘pon Kliff Yang edi.

Foto: polzam.ru

Butun umri qo‘y podasi ortidan o‘tgan inson

Kliff Yang 1922 yilda fermer oilasida tug‘ilgan. Avstraliya fermerlari asosan qo‘ychilik bilan shug‘ullanishadi va bu davlat qo‘ylar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilar ro‘yxatiga kiradi.

Kliffning otasi Avstraliya janubiy-g‘arbidagi Viktoriya shtatida 800 gektar yerga egalik qilar va u yerda chorvachilik bilan shug‘ullanardi. Shu sababli uning yoshligi ham qo‘y va mollar boqish bilan o‘tadi.

Oilaning 2 ming bosh qo‘yi va yana mollari bor edi va Kliff har kuni ko‘plab chaqirim joyni piyoda bosib o‘tib, ularni boqishda otasiga yordamlashardi.

Keyinchalik, u ulg‘ayganidan so‘ng qo‘y va mollar podasiga o‘zi qaraydigan bo‘ladi va o‘shanda ham otlardan foydalanmay, faqat piyoda yuradi.

Foto: subscribe.ru

Katta sport va marafon

Kliff Yang fermada cho‘ponlik qilib yurar ekan, uning 56 yoshgacha sport yugurish musobaqalarida qatnashgani haqida ma’lumot yo‘q.

U ilk bor 1979 yilda Melburnda o‘tkazilgan kichik marafonda qatnashadi. O‘shanda Kliff 16 kilometrlik masofani 64 daqiqada bosib o‘tadi va shu musobaqada OAV orqali omma e’tiboriga tushadi.

Chunki bu marafonda qatnashganlarning aksariyati yoshi o‘ttizgacha bo‘lganlar edi. Ular orasida bo‘lgan 56 yoshli Kliff muxbirlarning e’tiborini tortgandi.

O‘sha yili u Melburn marafonida ham qatnashadi va 42 kilometrlik masofani 3 soat 21 daqiqada yugurib o‘tadi. Kliff Melburn marafonida 1980, 1981 hamda 1982 yillarda ham qatnashadi va shaxsiy rekordini 3 soat 2 daqiqaga yangilaydi.

Foto: monitorthebeat.com

Supermarafondagi g‘alaba va mashhurlik

1983 yilda avstraliyaliklar Westfield Sydney to Melbourne deb nomlangan supermarafonni o‘tkazishga qaror qiladi.

Musobaqa shartiga ko‘ra Melburn va Sidney oralig‘idagi 875 km masofani birinchi bo‘lib yugurib o‘tgan atlet g‘olib chiqadi.

Musobaqa homiysi Westfield savdo markazlari tarmog‘i edi. Shu sababli start Sidneydagi Westfield Parramatta savdo tarmog‘i oldidan boshlanib, Melburndagi Westfield Doncaster savdo tarmog‘i oldida tugashi kerak edi.

Kliff Yang bu musobaqaga egnida cho‘ponlar kiyadigan maxsus yomg‘irpo‘sh va oyog‘ida rezina etik bilan keladi. Sportchilar uning ustidan kulishadi.

OAV muxbirlari sportchilarga xos bo‘lmagan kiyimlarda marafonda qatnashmoqchi bo‘lgan odamdan intervyu oladi.

Muxbirlardan biri uning yomg‘irpo‘shi va rezina etigi haqida savol beradi. Boshqasi esa keksa yoshda ekanida marafonda yugura olishiga shubha bildiradi.

Shunda Kliff avvalgi musobaqalarda ham rezina etik va cho‘ponlarning yomg‘irpo‘shini kiyib yugurganini, bu kiyimlarda o‘zini qulay his qilishini aytadi.

Musobaqaning birinchi kunida u boshqa sportchilardan ancha orqada qolib ketadi. Chunki Kliff yugurmasdi, uning harakatlari yugurishdan ko‘ra ko‘proq sportcha yurishga o‘xshab ketardi.

Foto: dzen.ru

Birinchi kuni sportchilar ma’lum masofani yugurib o‘tadi va dam olish uchun to‘xtaydi. Ikkinchi kun ular yugurishni boshlaganda Kliffning oldinga o‘tib ketganini ko‘rib, hayron qoladi.

Boshqalardan ancha ortda qolib ketgan sportchi qanday qilib oldinga o‘tib ketdi? Gap shundaki, Kliff tunda dam olmagan va harakatda davom etgan edi.

Musobaqa boshlangandan so‘ng birinchi tunda oldinga o‘tib ketgan Kliff marraga yetguncha boshqalarni oldinga o‘tkazmaydi va besh kun to‘xtamasdan harakatlanib, musobaqada g‘olib chiqadi.

Ikkinchi sportchi marraga Kliffdan 10 soat ortda qolib yetib keladi. Umumiy hisobda u soatiga o‘rtacha 6,5 kilometrdan yuguradi va marraga besh sutka, 15 soat 4 daqiqada yetib keladi.

Rezina etik va cho‘ponlarning yomg‘irpo‘shini kiyib olgan odam musobaqa g‘olibi bo‘lgach barcha OAV muxbirlari uni o‘rab oladi va Kliffni savollarga ko‘mib tashlaydi. Muxbirlarni uning bir necha sutka davomida uxlamasdan yugurishi siri qiziqtirardi.

Foto: sport.ru

Shunda Kliff qo‘ylarni boqish jarayonida bunday jarayonni tez-tez boshdan o‘tkazishi, bir necha sutka uxlamasdan otarning ortidan yurgan paytlari ko‘p bo‘lganini aytadi.

Kliff nufuzli marafonda g‘olib chiqqach uni Avstraliyada “Toshbaqa va quyon” matalidagi toshbaqaga o‘xshatishadi.

Ma’lumot uchun, qadimgi Gretsiyada yashab o‘tgan shoir va faylasuf Ezop qalamiga mansub bu matalda toshbaqa sekin yursa ham tinmasdan harakatlanib chopag‘on quyonni yutib chiqadi.

Westfield Sydney to Melbourne davomli o‘tkazila boshlanadi va Kliff unda yana bir necha yil qatnashadi. U 1984 yilda ikkinchi o‘rinni egallaydi.

1985 va 1986 yillarda keksalik o‘z kuchini ko‘rsatadi va Kliff marraga yetib kela olmaydi. 1987 yilda esa o‘n to‘rtinchi bo‘lib yetib keladi.

Kliffning keyingi yillarda marafonda muvaffaqiyatsiz qatnashganining yana bir sababi bor edi. 1983 yilda marafonning birinchi yilida sportchilar 875 km masofani bosib o‘tishi kerak bo‘lgan.

Foto: futilitycloset.com

Keyingi yillarda masofa sezilarli oshirilgan. Jumladan, 1985 yilda 960 km, 1986 yilda 1016 km, 1987 yilda 1060 kilometrga yetkazilgan. Shuningdek, boshqa sportchilar ham kamroq dam olib, ko‘proq yugura boshlaydi.

Keyinchalik Kliff aynan shu musobaqada “Eng yaxshi avstraliyalik yuguruvchi” nominatsiyasini tashkil etadi va unda g‘olib bo‘lganlarga sovrin topshiradi.

Kliffning g‘alati hayot tarzi va rekordlari

Kliff Yang garchi qo‘y boqish bilan shug‘ullansa-da, 1973 yildan boshlab umuman go‘sht yemagan va vegeterian bo‘lgan. Shuningdek, u uzoq yillar mobaynida uylanmay yuradi.

1983 yilda Westfield Sydney to Melbourne supermarafonida g‘olib chiqqach Kliff 62 yoshida 23 yoshli qizga uylanadi.

Kliff Yang xotini bilan
Foto: Geelong Advertiser

Marafon homiysi bo‘lgan Westfield kompaniyasi Kliffning to‘y xarajatlarini qoplab beradi. 1984 yilda Kliff “uzoq masofaga yuguruvchi” sifatida Avstraliya ordeni bilan taqdirlanadi.

1997 yilda Kliff 75 yoshda avstraliyalik atlet, butun dunyo bo‘ylab yugurgan Ronald Grantning rekordini yangilash uchun Avstraliya bo‘ylab yugurishga chiqadi.

O‘shanda Kliff 16 000 km masofani yugurib o‘tsa, Grantning rekordi yangilanardi. Biroq u 6 520 km masofani bosib o‘tganidan so‘ng yugurishni to‘xtatadi.

2000 yilda Kliff Yang Viktoriyada o‘tkazilgan olti kunlik marafonda jahon rekordini o‘rnatadi. U rasmiy sport musobaqalarida umumiy hisobda 20 ming km masofani yugurib o‘tgan.

Keksayib qolgan Kliff mashhur rezina etigi bilan
Foto: incarnate

76 yoshida Kliffda saraton xastaligi aniqlanadi. Shundan so‘ng ham yugurishda davom etadi. Biroq bu jarayonda kasallik o‘z kuchini ko‘rsatadi va u bir necha marta insult oladi.

Kliff Yang 2003 yilda 81 yoshida o‘zining Kvinslenddagi uyida saraton xastaligidan vafot etadi. Atletning rezina etigi sharafiga Bich-Forestda haykal o‘rnatiladi.

Shuningdek, Avstraliyadagi ikkita joy – Cliff Young Drive va Cliff Young Park uning nomi bilan ataladi.

2013 yilda ABC1 telekanalida Kliff Yang 1983 yilda qatnashgan marafoni hodisalari tasvirlangan film namoyish etiladi.

Kliff Yang haqidagi film uchun tayyorlangan banner

“Kliffi” deb nomlangan bu filmda Kliff Yang rolini avstraliyalik mashhur aktyor Kevin Harrington ijro etgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid