O‘zbekiston | 15:20 / 26.10.2024
7497
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonning BRICS'ga a’zo bo‘lishi kun tartibida emas» – Sodiq Safoyev

Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi o‘z nihoyasiga yetdi. So‘nggi davra suhbati O‘zbekistonning tashqi siyosati xususida bo‘ldi. Unda qatnashganlar Afg‘oniston, Ukraina urushi, mintaqaviy hamkorlik, Yaqin Sharqdagi voqealar, diplomatik muloqot va boshqa shu kabi mavzularda suhbatlashdi. Kun.uz jurnalisti sessiyadan material tayyorladi. 

Bu sessiyani CNN telekanalining Londondagi ofisi jurnalisti Salma Abdelaziz olib bordi. Avvalo moderator O‘zbekistonning yonida Afg‘onistondagi vaziyat, qismatdosh davlati Ukrainadagi urush hamda shundan kelib chiqib O‘zbekistonning tashqi siyosati qanday bo‘lishi xususida so‘radi. Senat raisining birinchi o‘rinbosari bugungi O‘zbekiston dunyoga ochiqligini gapirdi. Chegara masalalari bo‘yicha Toshkent qo‘shnilari bilan murosa va yechimni topa olganini qo‘shimcha qildi. 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev esa rasmiy Toshkent dunyo bo‘ylab hamkorlari sonini ko‘paytirayotganini ta’kidladi. Biz hattoki, Afrika davlatlari bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yganmiz, deydi vazir o‘rinbosari. Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasi bilan dialog o‘zgargan. Yaqin yillargacha bu mintaqa bilan faqat diplomatik aloqalar miqyosida muloqot bilan cheklanilgan, hozir esa iqtisodiy muhim kelishuvlarga erishyapmiz, deydi sessiya qatnashchilari. 

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev esa Toshkent Afg‘onistonga yordamni uzmasligi, loyihalar davom etishi, bu borada respublika uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi tamoyili bilan ishlashini ma’lum qildi.

Safoyev Kun.uz jurnalistining BRICS'ga a’zolik haqidagi savoliga javob berarkan, O‘zbekistonda bu masala kun tartibida emasligini ma’lum qildi. Hozircha bu haqida gap-so‘z yo‘q, yagona valuta haqida ham gapirishga erta, deydi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilidan esa Qo‘shtepa kanali xususida so‘radik. Irgashevga ko‘ra, bu mavzuda «Tolibon» bilan qarama-qarshilikka borilmaydi. 

Qo‘shtepa kanalidan foydalanishga afg‘on xalqining ham haqqi bor, bu xususida oramizda biror masala yo‘q. Masala qaysi davlat qancha foydalanishi va daryoning qurib borishini inobatga olgan holda undan foydalanish kvotasida, deydi Irgashev. 

Tadbirda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rasmiylari, saylovni kuzatishga kelgan kuzatuvchilar ham qatnashdi. 

Mavzuga oid