O‘zbekiston | 18:21 / 29.10.2024
2018
2 daqiqa o‘qiladi

SSV o‘zbekistonliklarga piyoda yurish foydalarini eslatdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ertalab ishga ketishda va ishdan qaytishda piyoda yurishga odatlanishni tavsiya qilgan. Vazirlikka ko‘ra, har kuni piyoda yurishni odat qilish shamollash va yurak kasalliklarini yengishga yordam beradi.

Foto: Pixabay

SSV inson o‘zini har tomonlama sog‘lom his qilishi va tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lishi uchun piyoda yurish muhimligini eslatgan.

Yayov yurilganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, bu mashg‘ulot ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi. Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek, nafas va asab tizimi mustahkamlanadi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababli to‘xtamay 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi. Vazirlik ishxonadan charchab chiqqandan keyin ham avtobus yoki avtomashinaga chiqmay, yo‘lning bir qismini piyoda bosishni tavsiya qilgan.

SSV piyoda yurishning quyidagi foydalarini sanagan:

– bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilish qon bosimini me’yorda tutadi;

– tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 qadam yurilsa, 15 daqiqada 100 kkaldan xalos bo‘lish mumkin;

– har kuni 20 daqiqa piyoda yurish asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos bo‘lishga yordam beradi;

– chekishni tashlashni istaganlar ham chekkisi kelganda 20 daqiqa piyoda yursa, xohish ayni shu daqiqalarda o‘z-o‘zidan yo‘qoladi;

– o‘t pufagi va ichaklarning to‘lqinli harakatlari oshishi tufayli o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi;

– doimiy piyoda yurgan insonlar shamollashni tezroq yengib o‘tadi. Chunki u immunitetni mustahkamlaydi;

– har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor bo‘ladi. U yurak-qon tomirlar tizimi – vegetativ asab tizimi holatiga ta’siri orqali qon bosimini kamaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi.

Mavzuga oid