O‘zbekiston | 19:31 / 31.10.2024
82856
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?

Noyabr oyi boshlanishi iliq, keyingi haftalari sovuq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik oktyabrdagidan ko‘proq, davomiy va jadal bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda bu il kuz faslining oxirgi oyi issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi, keyingi haftalarda havo harorati keskin o‘zgarib turadi. «O‘zgidromet» matbuot xizmati noyabr oyida kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktyabr oyiga nisbatan 6–7 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 8–9 darajaga past bo‘ladi. Oyning birinchi yarmida o‘rtacha ko‘p yillik kunduzgi harorat +15…+20 darajani (ba’zan +22…+27 darajagacha), oyning ikkinchi yarmida esa +10…+15 daraja iliq bo‘ladi.

Noyabrda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, ba’zi joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanadi) oktyabr oyiga nisbatan tez-tez kuzatiladi, ular davomiy va jadal bo‘ladi. Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki qatlamlarda qor qoplami beqaror bo‘ladi, 2000 metrdan yuqori bo‘lgan balandliklarda esa qor qoplamining balandligi oy oxiriga 25–40 santimetrga yetadi.

1–3 noyabr kunlari respublikada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 2 noyabrda Toshkent viloyatining ayrim joylarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. 3 noyabrga kelib, kunduzi havo +20…+25 daraja iliqqacha isiydi.

4 noyabrdan O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi, yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida +10…+15 darajagacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa iliq ob-havo saqlanib turadi.

5 noyabrdan nam va sovuq havo massalari barcha hududlarga tarqaladi.

Sovuq harorat fonida 5–8 noyabr kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 9–10 noyabrda sharqiy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi (tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Havo harorati asta-sekin pasayadi va birinchi o‘n kunlik oxiriga kelib, harorat kechalari +3…+8, kunduz kunlari +7…+12 darajani tashkil etadi.

Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +3…+8 darajadan –5…0 darajagacha soviydi, kunduz kunlari +10…+15 darajadan +3…+8 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Iliq ob-havo davrlari harorat kunduzi +17…+20 iliqqacha ko‘tarilganda kuzatiladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid