O‘zbekiston | 15:34 / 03.11.2024
9020
1 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida yuk mashinasi yonib ketdi

Yong‘in sababli Qamchiq dovonidan o‘tgan xalqaro yo‘lning bir tomonida qatnov to‘xtab qolgan.

Foto: Videodan kadr

Qamchiq dovonidan o‘tgan xalqaro avtomobil yo‘lida yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa bugun, 2024 yil 3 noyabr kuni soat 14:30 larda sodir bo‘lgan. Qamchiq dovonidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 226-kilometrida "Vodiy-Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk avtomobilida qisqa tutashuv sababli yong‘in yuzaga kelgan.

“Ayni vaqtlarda FVV xodimlari tomonidan yong‘inni o‘chirish choralari ko‘rilmoqda. Harakat xavfsizligi YPX xodimlari tomonidan to‘liq ta’minlanmoqda. "Vodiy-Toshkent" yo‘nalishida vaqtinchalik harakat to‘xtatilgan. Yong‘in o‘chirilgach, harakat to‘liq ochiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan.

 

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid