Jahon | 15:10 / 04.11.2024
2919
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘arbiy sohildagi UNRWA markazini butunlay vayron qildi

Avvalroq Knesset (Isroil parlamenti) mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlashga qaror qilgan edi.

Foto: Anadolu Agency

Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) markazini butunlay vayron qildi.

Nur Shams qochqinlar lageri jamoat qo‘mitasi raisi Nihod Chavushning «Anadolu» nashriga aytishicha, Isroil armiyasi lagerga hujum qilishda davom etmoqda.

«Isroil harbiy buldozerlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) lager markazini buzib tashladi. 200 kvadrat metr maydonda barpo etilgan markaz mintaqa aholisining ehtiyojlari ko‘zga tashlanadigan maskanga aylangandi», – dedi u.

Chavushning so‘zlariga ko‘ra, Isroil avvalroq UNRWA markaziga hujum qilishga uringan. «UNRWA markazi Isroilning oldingi hujumlarida qisman vayron qilingan edi, bugun esa Isroil armiyasi binoni butunlay vayron etdi», dedi u.

Chavushning eslatishicha, markaz Nur Shams qochqinlar lagerini boshqarish va tibbiy xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi. Markaz yaroqsiz holga keldi, dedi u.

Falastinning WAFA axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Nur Shams qochqinlar lagerida 1536 nafar bola ta’lim olayotgan ikkita UNRWA maktabi va turli sohalarda xizmat ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash markazi ham joylashgan.

Avvalroq Knesset (Isroil parlamenti) mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlashga qaror qilgan edi.

Mavzuga oid