Jamiyat | 18:46 / 08.11.2024
1259
3 daqiqa o‘qiladi

Nonushta qilmaslik diabet va semizlikka olib kelishi mumkin - diyetolog

Ishga yoki o‘qishga ketishda nonushta qilmaydigan odamlar ko‘pincha to‘g‘ri ovqatlanmaydi, kechqurun ularning ishtahasi kuchayib ketadi, deb ta’kidladi mutaxassis.

Foto: Shutterstock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir kunda uch mahal ovqatlanishni (nonushta, tushlik, kechki ovqat) tavsiya etadi. Bunda kechki tamaddi uyqudan 2-3 soat oldin va yengil bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, nonushtaning o‘rni juda muhim bo‘lib, undan voz kechish sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin, deb ogohlantirdi rossiyalik endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi va diyetolog Oksana Mixaleva.

Mutaxassis ta’kidlashicha, ishga yoki o‘qishga ketishda nonushta qilmaydigan odamlar ko‘pincha to‘g‘ri ovqatlanmaydi, kechqurun ularning ishtahasi kuchayadi. Natijada, ular odatda haddan tashqari ko‘p ovqat yeb qo‘yadi, chunki organizm kun davomida yetarli kaloriya yoki zarur ozuqa moddalarini olmagan bo‘ladi.

“Ular kun davomida nimadir tamaddi qilishi, hatto fast fud yeyishi mumkin, lekin to‘yimli va sog‘lom ovqat yemagani sababli baribir och qoladi. Kechqurun va uyqudan oldin bir necha marta ovqatlanish vazn, semizlik va ikkinchi turdagi diabet bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin”, — deb ogohlantirdi mutaxassis.

Shuning uchun kechqurun haddan tashqari ko‘p yeyishga moyil odamlar ovqatlanish tartibiga, ya’ni nonushta, tushlik va kechki ovqatga rioya qilishi maqsadga muvofiq ekani aytilmoqda. Shu bilan birga kuniga ikki mahal ovqatlanish (soat 11-12 oralig‘ida nonushta qilish, kechki ovqatni vaqtliroq yeyish) bo‘yicha tavsiyalar ham mavjud. Faqat bunda taom kaloriya va oziq moddalarga boy bo‘lishi kerak. Bunday tartib ochlik xurujlarini his qilmaydigan va haddan tashqari ko‘p ovqatlanishga moil bo‘lmagan odamlar uchun mos kelishi mumkin.

Nonushta qilmaslikka yana bir sabab shuki, kechqurun juda ko‘p ovqat iste’mol qilgan odam tun davomida ochiqishga ulgurmaydi va natijada ertalab nonushtaga ehtiyoj sezmaydi. Ammo diyetologning ogohlantirishicha, bu kechqurun haddan tashqari ko‘p ovqatlanish va ertalab ishtaha yo‘qolishidan iborat aylanma jarayonni keltirib chiqarishi mumkin.

“Shu sababdan nonushtani o‘tkazib yubormaslik kerak. Lekin siz sog‘lom bo‘lsangiz va kechroq nonushta qilish yoki umuman nonushtasiz yurish qulay bo‘lsa, bu yomon emas. Deylik, ishxonaga kelib to‘laqonli ovqatlansangiz, bu sizni ortiqcha ovqatlanishga, quvvat tanqisligiga hamda turli ozuqa moddalari yetishmasligiga olib kelmasa, bu ham yaxshi variant”, — deya ta’kidladi mutaxassis.

Nonushtadan voz kechish sog‘lom odamlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmasa-da, ortiqcha ovqatlanishga moyil kishilarda semirish va ikkinchi turdagi qandli diabet rivojlanishi xavfini tug‘dirishi mumkin, deya xulosa qildi shifokor.

Mavzuga oid