Sog‘lom hayot | 20:27 / 08.12.2025
2604
2 daqiqa o‘qiladi

Smartfon tufayli bolalarda depressiya va semizlik rivojlanishi mumkin – tadqiqot

Hozirgi bolalar juda erta yoshdan boshlab smartfon ekraniga termulib, vaqt o‘tkazmoqda. Yaqinda olimlar aniqlaganidek, bu ularning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Getty images

Yangi tadqiqot doirasida amerikalik olimlar jamoasi smartfon ishlatish yoshi va erta o‘smirlik davridagi depressiya, semizlik, uyqusizlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Jami 21 ta ilmiy ishdan 10 588 nafar ishtirokchining ma’lumotlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Pediatrics jurnalida chop etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, smartfonlardan foydalangan 12 yoshli o‘smirlarda depressiya rivojlanish xavfi ushbu gadjetni ishlatmagan tengdoshlariga qaraganda 30 foizga, semirish ehtimoli 40 foizga va yetarlicha uxlamaslik 60 foizga yuqori bo‘lgan.

Olimlar bu muammolarga aynan smartfon sabab bo‘lganini isbotlay olmadi. Biroq, avvalgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, smartfon bilan haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazadigan o‘smirlarda boshqalar bilan shaxsiy aloqalar, jismoniy faollik va uyqu kamroq kuzatiladi. Bularning barchasi ularning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Olimlar smartfondan foydalanish «muammoli» deb hisoblanmagan paytda ham o‘smirlarning sog‘lig‘iga ta’sir qilganini payqadi. Bolada smartfon qanchalik erta paydo bo‘lsa, 12 yoshga borib, semizlik va uyqusizlikni aniqlash ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.

Tadqiqotchilarda o‘smirlar o‘z smartfonida nima qilgani haqida ma’lumotlar yo‘q edi. Mualliflarning ta’kidlashicha, yoshlarga smartfondan foydalanishni taqiqlash kerak emas, biroq gadjetlarga egalik qilish maxsus nazoratni talab qiladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, egalik qilishning optimal yoshi, telefon turi va foydalanish qoidalari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradigan qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish kerak.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid