Jahon | 09:22 / 13.11.2024
7884
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi

Faollar Yuliya Navalnayaning Web Summit IT-konferensiyasidagi chiqishida havo hujumi signalini yoqib, «Rossiyani to‘xtating!» va «Urushni to‘xtating!» deb baqira boshlashdi. Navalnaya keyinroq bu harakatga izoh berdi.

Foto: YeRA

Ukrainalik faollar norozilik namoyishi uyushtirib, Yuliya Navalnayaning Lissabonda bo‘lib o‘tgan dunyodagi eng yirik texnologik anjumanlardan biri – Web Summit 2024'dagi nutqini buzishga harakat qilishdi. Bu haqda ukrainalik faol Kristina Juk 12 noyabr, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qildi.

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning bevasi nutqi chog‘ida bir guruh ukrainaliklar havo hujumi signalini chalib, ingliz tilida «Rossiyani to‘xtating» va «Urushni to‘xtating» shiorlarini baqira boshladi. Videoda zaldagi tomoshabinlarning olqishlari ham aks etgan, biroq u aynan kimga qaratilgani noma’lum.

«Navalnayaning veb-sammitdagi nutqi to‘xtatildi, aksiyaga qo‘shilgan barcha ukrainaliklarga rahmat», deb yozgan Juk. «404 mamlakati fuqarolari bilishlari kerakki, bu ularni dunyoning har bir burchagida kutmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Navalnaya: «Bizning umumiy dushmanimiz bor»

Keyinroq Yuliya Navalnaya Lissabondagi ukrainalik faollarning harakati haqida Telegramʼda fikr bildirdi. Muxolifat yetakchisining bevasi aytishicha, uning konferensiyadagi nutqi «G‘arb texnologiya kompaniyalari ko‘pincha aqldan ozgan repressiv qonunlarga ko‘r-ko‘rona amal qilib, diktatorlarga qanday yordam berishlari» va «buning oldini olish uchun nima qilish mumkin» ekaniga bag‘ishlangan.

Web Summit'dagi Ukraina ishtirokchilari uning taqdimoti o‘rtasida aksiya uyushtirdilar. Navalnayaning so‘zlariga ko‘ra, u namoyishchilar vakilidan mikrofonni olib, unga savol berishni so‘ragan. «Savol shunday edi: men Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlaymanmi? Men rejimga va urushga qarshi kurashyapman. Mening erim Aleksey Navalniy unga va urushga qarshi kurashgan va buning uchun qamoqda o‘ldirilgan».

Yuliya Navalnaya shuningdek, marhum turmush o‘rtog‘i «unga qarshi har bir sud majlisidan urushga qarshi nutq uchun maydoncha sifatida foydalanganini», jumladan 2022 yil 24 fevralda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni esladi. «Men shuni aytdim. Bizda umumiy dushman bor va ukrainaliklar Rossiya muxolifatida o‘zlariga dushman o‘ylab topishlari shart emas», — deya ta’kidladi u.

Volkov: Navalnaya nutqini yakunlashga muvaffaq bo‘ldi

Navalniyning bevasi nutqi buzilgani haqidagi iddaolardan farqli o‘laroq, zalda bo‘lgan uning safdoshi, siyosatchi Leonid Volkovning aytishicha, Yuliya Navalnaya o‘z nutqini yakunlashga muvaffaq bo‘lgan. Volkovning ta’kidlashicha, «qarsaklar ortidan» u «minbarga qaytdi» va nutqini tugatdi. «Chunki bu juda muhim nutq edi – katta texnologiyalar diktaturalarga qanday yordam berishi haqida», — deb yozdi siyosatchi Telegramʼda.

Mavzuga oid