O‘zbekiston | 17:35
731
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

Qonunga muvofiq, ombudsman ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Qonun ombudsman faoliyatini tartibga soladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Ombudsman faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat:

  • qonuniylik;
  • mustaqillik;
  • adolatlilik;
  • insonparvarlik;
  • kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • xolislik;
  • ochiqlik.

Saylanish kuni 30 yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.

Qonun bilan ombudsman Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.

Ombudsman siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart bo‘lib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, 2021 yildan hozirga qadar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimida Feruza Eshmatova faoliyat yuritib kelmoqda. U 1979 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 2000 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Yuridik fanlar doktori.

2002-2015 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida faoliyat yuritgan. 2015-2020 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. 2020 yildan hozirga qadar Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelgan.

Mavzuga oid