Jahon | 18:58
975
3 daqiqa o‘qiladi

Abxaziya parlamenti prezident Aslan Bjaniya iste’fosini qabul qildi

Endi vitse-prezident Badra Gunba davlat rahbari vazifasini bajaradi. Respublika parlamenti Abxaziya prezidenti saylovini muddatidan oldin o‘tkazish sanasini belgilash masalasini boshqa majlisda ko‘rib chiqadi.

Abxaziya parlamenti tan olinmagan respublika prezidenti Aslan Bjaniya iste’fosini qabul qildi. Yig‘ilishda qatnashgan 31 deputatdan 28 nafari mazkur qarorni yoqlab ovoz berdi. Qaror qabul qilish uchun 24 ovoz to‘planishi kerak edi.

Endi vitse-prezident Badra Gunba davlat rahbari vazifasini bajaradi. Respublika parlamenti Abxaziya prezidenti saylovini muddatidan oldin o‘tkazish sanasini belgilash masalasini boshqa majlisda ko‘rib chiqadi.

Abxaziya hukumati va muxolifat o‘rtasida 18 noyabr kuni kechqurun boshlangan muzokaralardan so‘ng Bjaniya «mamlakatda barqarorlik va konstitutsiyaviy tuzumni saqlash maqsadida» iste’foga chiqdi. Imzolangan kelishuvga ko‘ra, vitse-prezident Badra Gunba Abxaziya prezidenti vazifasini bajaruvchi, Aleksandr Ankvab o‘rniga esa Valeriy Bganba bosh vazir etib tayinlanadi.

«Sputnik Abxaziya» xabariga ko‘ra, 19 noyabr kuni ertalab barcha namoyishchilar prezident ma’muriyati va parlament binolarini tark etdi. Vazirlar Mahkamasi avvalgi ish rejimiga qaytdi.

15 noyabr kuni Abxaziya parlamenti Rossiya bilan kelishuvni ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqishi kerak edi. Biroq deputatlar kun tartibini tasdiqlay olmadi va Xalq Assambleyasi spikeri Lasha Ashuba yig‘ilish bekor etilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng poytaxt Suxumda muxolifat tarafdorlari va Xalq majlisi binosini qo‘riqlayotgan xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Oqibatda namoyishchilar parlament va prezident ma’muriyati binosiga bostirib kirib, Rossiya bilan investitsiya shartnomasini ratifikatsiya qilishni, shuningdek, davlat rahbarining iste’fosini rad etishni talab qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida bir necha kishi jarohatlandi. Prezident Bjaniya Suxumdagi namoyishlarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi.

30 oktyabr kuni Rossiya va Abxaziya hukumatlari rossiyalik kompaniyalarga Abxaziyada sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi kelishuvni imzoladi. Abxaziya muxolifat yetakchilaridan biri Adgur Ardzinba so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Abxaziyadagi kvartiralarni sotishni qonuniylashtirishning yashirin shaklini nazarda tutadi.

Mavzuga oid