Jahon | 22:05 / 19.11.2024
2832
2 daqiqa o‘qiladi

Endi bizda ATACMS bor, undan foydalanamiz - Zelenskiy

Ukraina rahbari uzoq masofaga zarba beruvchi qurollarga, jumladan Amerikaning ATACMS raketalariga ega ekanini aytdi. Ammo Rossiya hududiga ular bilan zarba berilganini tasdiqlamadi.

Foto: rbc.ru

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari bilan Bryansk viloyatiga hujum qilganini tasdiqlamadi. Bu haqda undan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘rashdi, deb yozdi «RBK-Ukraina».

«Uzr, ortiqcha tafsilotlarsiz. Ukraina uzoq masofaga zarba berish imkoniyatlariga ega, o‘zimiz ishlab chiqargan uzoq masofaga uchuvchi dronlar bor. Endi bizda uzoq masofaga zarba beruvchi «Neptun» [qanotli raketalar] bor va ular oz emas. Endi bizda ATACMS bor. Bularning barchasidan foydalanamiz», dedi Ukraina prezidenti.

«RBK-Ukraina» xabariga ko‘ra, 19 noyabrga o‘tar kechasi ukrainalik harbiylar Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida hujum qilgan. Shunday qilib, Ukraina Qurolli kuchlari birinchi marta Rossiya hududiga hujum qilish uchun Amerikaning uzoq masofali raketalaridan foydalangan. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi buni tasdiqlamadi.

Ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi 19 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyatidagi harbiy obektga oltita ATACMS raketasi bilan hujum qilgani haqida xabar berdi.

17 noyabr kuni Amerika matbuoti AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid