Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 sammitida Ukraina Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar talab qildi
Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko Rossiyaga bosimni kuchaytirish va yangi sanksiyalar joriy etish zarurligini bildirdi. Shuningdek, Kiyev iyun oyi boshida Yevropa Ittifoqidan kreditning birinchi transhini olishni kutmoqda.
Foto: Volodymyr Tarasov/Ukrinform/IMAGO
Marchenko 18 may kuni Parijda bo‘lib o‘tgan G7 — “Katta yettilik” davlatlari moliya vazirlari uchrashuvida jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiyaga nisbatan bosimni davom ettirishi kerak.
“Biz Rossiyaga bosim o‘tkazishni davom ettirishimiz, unga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilishimiz kerak”, — dedi Marchenko.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa infratuzilma obektlariga hujumlarni davom ettirmoqda.
Marchenko Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratiladigan 90 milliard yevrolik kredit haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Uning aytishicha, Kiyev hozirda zarur hujjatlarni imzolash bosqichiga yaqinlashmoqda.
“Biz barcha zarur kelishuvlar ustida ishni yakunlayapmiz. Ehtimol, bu iyun boshida amalga oshadi”, — dedi Ukraina moliya vaziri.
Politico nashrining 14 may kungi ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘ ajratilishidan oldin Yevropa Ittifoqi budjeti kafolati asosida taqdim etiladigan makromoliyaviy yordam shartlari aks etgan “o‘zaro anglashuv memorandumi” imzolanishi lozim.
Shuningdek, kelishuv Ukraina parlamenti — Oliy rada tomonidan ham ratifikatsiya qilinishi kerak. Kreditning yarmi joriy yilda, qolgan qismi esa 2027 yilda to‘lanishi rejalashtirilgan.
Germaniya moliya vaziri Lars Klingbayl ham G7 yig‘ilishi doirasida Yevropa mustaqilligi va barqarorligini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Manfaatlarimizni himoya qilish haqida gap ketganda, bizga ko‘proq yevropacha vatanparvarlik kerak”, — dedi u AFP agentligiga.
Klingbayl Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan bir soatlik uchrashuv o‘tkazganini va muzokaralarda mazkur masalalar muhokama qilinganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya va Germaniya hamkorligi Yevropa uchun ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
Reuters ma’lum qilishicha, G7 davlatlari hukumatlari muhim minerallar va nodir yer elementlari sohasida Xitoyga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga urinmoqda.
Klingbayl bu borada vaqtni boy berish mumkin emasligini ta’kidlab, Yevropada chiqindilarni qayta ishlash kvotalariga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi.
G7 davlatlari moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarining uchrashuvlari 19 may kuni ham davom etadi. Unda jahon iqtisodiyoti, davlat qarzi va mintaqaviy inqirozlar asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.