Jahon | 07:50
2414
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi

Bryussel Gurjiston hukumatiga ajratilgan moliyaviy yordamni bekor qildi va bu mablag‘larni mamlakatdagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatadi.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumati uchun ajratilgan 120 million yevrodan ortiq mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 18 noyabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Oktyabr oyida Gurjistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari mamlakatning «hozirgi hukumat davridagi demokratik chekinishini» tasdiqlaganiga munosabat bildirgan holda, Yevropa Ittifoqi Gurjiston qurolli kuchlarini Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlashni bekor qildi, shuningdek, Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri 121 million yevro ajratishni to‘xtatdi, dedi Borrel. Bu mablag‘lar «fuqarolik jamiyati va to‘g‘ridan to‘g‘ri gurji xalqiga foyda keltiradigan dasturlarga» yo‘naltiriladi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

Saylovda «nima bo‘lganini diqqat bilan o‘rganish» uchun Bryussel Gurjistonga siyosiy missiya yuboradi va saylovlar buzilishiga o‘z bahosini taqdim etish uchun Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning Gurjistondagi saylovni kuzatish missiyasi rahbari taklif etiladi.

«Gurjiston orzusi» yetakchilari Gurjiston xalqining intilishlari va mamlakatning YeIga kirish maqsadiga zid harakat qilib, mamlakatni Yevropa Ittifoqi yo‘lidan uzoqlashtirdi», dedi Jozep Borrel. «Men o‘tgan yili Gurjistonga tashrifim chog‘ida aytganimni takrorlamoqchiman: Gurjiston uchun Yevropa Ittifoqining eshigi ochiq qoladi».

Gurjistonda 30 ta uchastkada saylov natijalari bekor qilindi

Gurjistonda rayon sudi 30 ta saylov uchastkasida ovoz berish maxfiyligi buzilgani uchun parlament saylovlari natijalarini bekor qildi, deb xabar berdi mustaqil matbuot 5 noyabr kuni.

Sud Gurjiston janubidagi Tetritskaro va Tsalkska rayonlaridagi uchta tasodifiy saylov uchastkasidan byulletenlar bilan ovoz berish holatini tikladi. Tajriba natijasida ma’lum bo‘lishicha, saylov byulletenining orqa tomonida partiya marker belgisi ko‘ringan. Bu shuni anglatadiki, saylov byulleteni KOIBga (ovozlarni sanash mashinasi) kiritilganda, yaqin atrofda turgan odamlar saylovchi kimga ovoz berganini tushunishlari mumkin bo‘lgan.

Gurjiston Markaziy saylov komissiyasi rayon sudining qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega, biroq ekspertlarning aytishicha, pretsedent allaqachon yuzaga kelgan.

Mavzuga oid