O‘zbekiston | 18:47 / 03.12.2024
14478
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda maktab o‘quvchilari “qizil toifa”ga ajratildi

Xo‘jaobod tuman IIB boshlig‘i Rustam Jaloliddinov o‘z sektori hududida joylashgan maktablarning 18 nafar o‘quvchisi bilan “suhbat“ o‘tkazdi. Rasmiylar bu bolalarni “qizil toifada” deb e’lon qilgan. Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarni kamsitish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilish mumkin emas.

Foto: Xo‘jaobod tumani hokimligi matbuot xizmati

28 noyabr kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Rustam Jaloldinov 3-sektor hududidagi maktablarning ayrim o‘quvchilar bilan uchrashdi.

Bu haqda xabar bergan tuman hokimligi matbuot xizmati uchrashuv “qizil toifadagi” o‘quvchilar bilan bo‘lganini yozgan.

“Xo‘jaobod tumani 3-sektor hududida joylashgan maktablardagi 18 nafar qizil toifadagi o‘quvchilar bilan tuman IIB boshlig‘i Rustam Jaloldinov va Xalq qabulxonasi mudiri D.Komiljonovlar tomonidan kelgusida o‘quvchilarni qiziqishlari bo‘yicha suhbat tashkil etildi”, – deyiladi hokimlik xabarida.

Rasmiylarga ko‘ra, uchrashuvda o‘quvchilar bilan “maktabdan keyingi mustaqil hayotdagi rejalari haqida” birma-bir suhbat olib borilgan va kerakli tavsiyalar berilgan.

Xabarga ilova qilingan suratlarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar (9 nafar) va bir necha yigitni ko‘rish mumkin. “Suhbatda” bir qancha mas’ullar ham qatnashgani ko‘rinadi.

Tuman hokimligi o‘z xabarida voyaga yetmagan bolalar “qizil guruhda” ekanini qayd etish bilan ularga salbiy bo‘yoq bergan, suratlarda ularning yuzlari ochiq holda qoldirgan.

Bolalar qaysi xususiyatiga ko‘ra “qizil guruh”ga kiritilganiga izoh berilmagan.

Ma’lumot uchun, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasiga binoan, O‘zbekistonda bolalarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ularning sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinadi.

Qonunning 10-moddasida davlat bolalarni inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomaladan himoya qilishi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid