Jahon | 18:43 / 04.12.2024
8950
8 daqiqa o‘qiladi

“GPS’dan o‘lim” – sayohatchilarni muammolarga duchor qilayotgan navigator va xaritalar

Noyabr oxirida Hindistonda uch erkak Google Maps ko‘rsatgan yo‘nalishga ergashib halok bo‘ldi. Bu dunyo bo‘ylab GPS navigatorlari tufayli yuz bergan birinchi fojia emas.

Foto: ETV Bharat

23 noyabr shanba kuni Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida uch erkak to‘ydan qaytayotib halokatga uchradi. Ular Google Maps ilovasi ko‘rsatgan yo‘nalish bo‘yicha ketayotganida, yo‘lda qurilishi tugallanmagan ko‘prikka duch kelgan. Navigatorda ham, yo‘lda ham ogohlantirish belgilari bo‘lmagani sababli ular mashina tezligini oshirib, Ramganga daryosiga qulab tushgan. Uchala erkak ham halok bo‘ldi.

BBC'ning yozishicha, mahalliy politsiya tergov doirasida Jamoat ishlari departamenti mansabdorlari bilan (nega yo‘lda belgilar va to‘siqlar bo‘lmagani haqida) hamda Google Maps’ning mintaqaviy vakillari bilan suhbat o‘tkazish niyatida ekanini bildirgan. Hozircha Google qurbonlarning oilalariga “chuqur hamdardlik” bildirish bilan cheklandi va voqea yuzasidan tergov olib borishda rasmiylar bilan yaqindan hamkorlik qilishga va’da berdi.

Bu voqea GPS navigatori ko‘rsatgan yo‘nalishdan yurgan sayohatchilarning o‘limi yoki jiddiy jarohatlanishiga oid birinchi holat emas. Shunday voqealar avval ham sodir bo‘lgan.

2024 yilning iyul oyida Hindistonning Dxenkanal okrugidagi o‘rmonda besh nafar talaba yo‘ldan adashdi. Ular ibodatxonadan qaytayotganida, yo‘nalishni tanlash uchun Google Maps’dan foydalangan. Baxtli tasodif tufayli, yigitlar politsiya bilan aloqaga chiqishga muvaffaq bo‘ldi va 11 soatdan so‘ng ularni topishdi.

Bunday hodisalarga hatto alohida nom berilgan — “GPS’dan o‘lim” (death by GPS). Vikipediyada unga alohida sahifa ochilgan.

2017 yilda tadqiqotchilar shaxsiy navigatsiya tizimlari “g‘ayrioddiy falokatlar”ga olib kelgan 158 ta holatni o‘rganib chiqdi.

Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari GPS va unga aloqador texnologiyalar odamlar hayotini saqlab qolgan holatlar ham kam emasligini ta’kidladi. Masalan, ular yordam ko‘rsatuvchi manbalarga yo‘l ko‘rsatgan yoki odamlarni adashib qolishdan qutqargan.

Tadqiqotchilar o‘rgangan hodisalarning qariyb uchdan biri — 44 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Yana 23 holatda jiddiy tan jarohatlari olingan. Ko‘pincha odamlar navigatorlar sababli boshqa avtomobillar ishtirokisiz yo‘l-transport hodisalariga uchragan.

Aksariyat hollarda GPS foydalanuvchilari hududni bilmagan, lekin hodisalarning taxminan beshdan birida mahalliy aholi ishtirok etgan. Ba’zida hodisaga navigator belgilagan yo‘nalish emas, balki boshqa funksiyalar sabab bo‘lgan — masalan, bir haydovchi xaritani kattalashtirishga chalg‘ib, velosipedchini urib yuborgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Hodisalarning yarmidan ko‘prog‘ida xaritalardagi noto‘g‘ri ma’lumotlar, masalan, yo‘lning kengligi yoki qoplamasi, yo‘l oralig‘ining balandligi yoki yo‘l kimga mo‘ljallangani haqidagi noto‘g‘ri ko‘rsatmalar sababli yuz bergan (bir safar haydovchi xususiy hududga kirib qolib, mulk egasi bilan to‘qnashgan). 18 ta hodisaga navigator tuzib bergan yo‘nalish sabab bo‘lgan.

Eng qisqa yo‘lni tanlash

Ko‘pincha navigator bir nechta marshrutlarni taklif qiladi — eng qisqa, eng tez, energiyani eng ko‘p tejovchi va hokazo. Aksariyat hollarda sayohatchilar taklif etilgan yo‘nalishlarning eng qisqasini tanlaydi.

Kanadalik er-xotin 2011 yilda Nevadaga safari chog‘ida shunday qilgan. Ular xarob yo‘ldan chiqib qolib, loyga botgan. 49 kun deganda ayol qutqarilgan, eri esa halok bo‘lgan.

Rossiyada ham ikki o‘smir shunday yo‘l tutgan. Ular 2020 yilning kech kuzida Yoqutiston bilan o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Magadan yaqinida Ola qishlog‘i orasidagi ikki ming kilometrlik masofani bosib o‘tishga qaror qilgan. Kubeme qishlog‘i yaqinida yo‘l ikkiga ajraladi: Magadanga aylanma yo‘l orqali boradigan federal trassa va rasmiy davlat reyestrida “Suyaklar yo‘li” deb nomlanadigan Eski Kolima yo‘li. Google Maps yo‘lovchilar uchun ikkita marshrut taklif qilgan, ular esa qisqaroq “Suyaklar yo‘li”ni tanlagan.

Bir necha kundan so‘ng o‘smirlarning avtomobili topildi. Ulardan biri, Sergey Ustinov allaqachon vafot etgandi, chunki harorat -39 darajagacha pasaygan, yigitlar esa ancha iliq havoni o‘ylab yo‘lga chiqqan. Ikkinchisi, Vladislav Istomin, tirik topildi, ammo sovuq urgani sababli uning qo‘l kaftlari va oyoq panjalarini kesib tashlashga to‘g‘ri keldi.

O‘shanda Sergeyning opasi Yuliya Zubok Google’ni sudga berishni rejalashtirgandi.

Xaritani tahrirlash”

Buzilgan ko‘prikdan o‘tishga urinib, halok bo‘lgan amerikalik Filip Pakstonning oilasi ham shunga o‘xshash munosabat bildirgan. Uning bevasi Google kompaniyasiga qarshi sudga ariza topshirgan.

2022 yil sentabr oyida Pakston Shimoliy Karolinada to‘qqiz yashar qizining tug‘ilgan kunidan qaytayotganda, Google Maps unga to‘qqiz yil oldin vayron bo‘lgan ko‘prik orqali yo‘l ko‘rsatgan.

“Pakstonlar oilasiga chuqur hamdardlik bildiramiz”, — dedi Google vakili Xose Kastaneda. “Maqsadimiz — Maps’ga marshrutlar haqida aniq ma’lumot taqdim etish, biz da’voni o‘rganyapmiz”, — deb qo‘shimcha qilgan u.

Da’voga ko‘ra, mahalliy aholi buzilgan ko‘prik haqida Google Mpas ilovasidagi “xaritani tahrirlash” funksiyasi orqali xabar bergan. Da’vo arizasida kompaniya vayron bo‘lgan ko‘prik haqida 2020 yil noyabr oyida xabar olgani va uni ko‘rib chiqish bilan shug‘ullangani ham tasdiqlangan.

Biroq oradan ikki yil o‘tsa ham xaritadagi ma’lumotlar o‘zgarmagan.

Shotlandiya alpinizm tashkilotlari ham Google bilan shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgan. Google Maps ilovasi Buyuk Britaniyadagi eng baland cho‘qqi Ben-Nevisga ko‘tarilish uchun eng yaqin avtoturargohdan to‘g‘ridan to‘g‘ri piyodalar yo‘lini tavsiya qilgan. Bunda ilova bu yo‘lning hatto tajribali alpinistlar uchun ham xavfli va murakkab ekanini hisobga olmagan. Navigator Shotlandiyaning boshqa tog‘lariga yo‘l ko‘rsatishda ham sayohatchilarni “hayot uchun xavfli hududlar”ga yetaklagan.

Tashkilotlar Google’dan ma’lumotlarni tuzatishni va alpinistlar bilan maslahatlashishni so‘ragan, ammo kompaniya ularga javob bermagan.

“Biz xavfsizlik va ishonchlilik masalalarini hisobga olgan holda Google xaritalarini yaratdik va Ben-Nevis yo‘nalishi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish ustida shoshilinch ish olib boryapmiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

“Xaritalarni yangilashda foydalaniladigan ma’lumotlar va yuqori sifatli tasvirlardan tashqari, biz mahalliy tashkilotlarni Geo Data Upload vositamiz orqali yo‘llar va yo‘nalishlar haqida ma’lumot taqdim etishga chaqiramiz”, — deb qo‘shimcha qilgan kompaniya.

OAVda Ben-Nevisdagi “potensial halokatli” yo‘nalish haqidagi maqola e’lon qilinganidan ikki kun o‘tib, Google o‘z xaritalariga o‘zgartirish kiritgan.

Mavzuga oid