Tayvan armiyasi o‘z tanklarni dronlardan himoya qilishning yangi usulini ko‘rsatdi
Tanklarning g‘ildiraklari, lyuk va boshqa muhim qismlariga maxsus panjarali ekranlar o‘rnatildi. Ularni o‘rnatish ancha oson, ko‘p xarajat ham talab qilmaydi.
Tayvan oroli qurolli kuchlari tanklarni dronlarning ehtimoliy hujumlaridan va granatomyotlardan himoya qilish tizimlarini takomillashtirish ustida bosh qotirmoqda. Mamlakat Mudofaa vazirligi dronlarga qarshi maxsus himoya tizimlari bilan jihozlangan M60A3 tankining suratlarini namoyish etdi.
Milliy armiya harbiy xizmatchilari Taynan shahrida joylashgan o‘quv markazidagi inspeksiya paytida mamlakat mudofaa vaziri Gu Litsyunga modernizatsiya qilingan tankni ko‘rsatgan. Tayvan harbiylarining ta’kidlashicha, ular dunyoda yuz berayotgan qurolli mojarolarni tahlil qilib, hozirgi kunda tanklar uchun eng katta xavf kamikadze-dronlarning hujumi ekanini aniqlagan. Odatda bunday uchuvchisiz qurilmalar qo‘l granatomyotlariga mo‘ljallangan granatalar bilan jihozlanadi.
Biroq tank va boshqa zirhli mashinalar uchun maxsus himoya inshootlaridan foydalanilsa, dronlar xavfi kamayadi. Bu inshootlarni texnikaning turli tomonlariga mahkamlash mumkin: ular ekipaj lyuklari yoki gusenitsalar kabi eng muhim qismlar xavfsizligini ta’minlaydi.
Dron hujumlaridan himoyalanish maqsadida Tayvan harbiy kuchlari M60A3 Ts tankiga maxsus panjarali himoya ekranlarini o‘rnatdi. Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan suratda Amerika jangovar mashinasining modernizatsiya qilingan varianti ko‘rsatilgan, unda zanjirli g‘ildiraklarni qisman himoyalash uchun yon tomonlarga hamda minoraning old va yon qismlariga to‘rli ekranlar o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.
Tank komandiri lyukining ustida yana bir tuzilma o‘rnatilgan. U lyukni kamikadze-dronlarning maqsadli hujumlaridan himoya qilishi kerak. Chunki dronlarni boshqaradigan operatorlar dushmanning jangovar mashinalarini “boshsiz qoldirish” maqsadida zarbalarni ataylab tank komandirlarining lyuklariga yo‘naltiradi.
Shu bilan birga, Tayvan harbiy idorasi tomonidan taqdim etilgan suratdagi tankning himoya konstruksiyalari ancha sodda ko‘rinadi. Ularni o‘rnatish oson va ko‘p xarajat talab qilmasa-da, tuzilmalar qanchalik samara berishi haqida o‘quv poligonlarida maxsus sinovlar o‘tkazilgandan keyingina xulosa qilish mumkin.
Mavzuga oid
16:14 / 14.12.2024
OAV: Germaniya uzra RF harbiy dronlari uchib o‘tgan bo‘lishi mumkin
21:56 / 11.12.2024
Britaniya birinchi marta dronni lazer yordamida urib tushirdi
21:06 / 09.12.2024
Tayvan Xitoy faolligi sabab o‘z armiyasini jangovar shay holatga keltirdi
13:35 / 07.12.2024