O‘zbekiston | 10:21
2165
2 daqiqa o‘qiladi

Issiqxonalarga gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar kiritilmoqda

Cheklovlar havo harorati keskin pasaygan vaqtda qo‘llanib, quvurlarda gaz bosimi barqarorlashganda bekor qilinadi.

Foto: Kun.uz

Issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar kiritmoqda. Bu haqda «Hududgazta’minot» xabar berdi.

Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, buning natijasida ayrim hududlardagi quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanini inobatga olgan holda ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritilmoqda.

Bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxona xo‘jaliklarini kamida 24 soat oldin «Hududgazta’minot» AJ tomonidan majburiy xabardor qilish amaliyoti joriy qilinishi belgilangan. Gaz ta’minoti korxonalari tomonidan doim mazkur amaliyot bo‘yicha ish yuritilib, cheklov kiritilishidan kamida 24 soat avval issiqxona xo‘jaliklariga ogohlantirish yuboriladi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, aholining gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjud bo‘lishi belgilangan. «Hududgazta’minot» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvda ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu munosabat bilan uch tomonlama shartnoma shartlariga muvofiq issiqxona xo‘jaliklariga yetkazib beriladigan tabiiy gazga qisman cheklovlar kiritilgan davrlarda issiqxona xo‘jaliklari zaxira yoqilg‘i turlaridan foydalanishga vaqtinchalik o‘tishi lozim bo‘ladi. 

«Qayd etish kerak, mazkur cheklovlar faqat havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llaniladi. Quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda cheklovlar bekor qilinishini ma’lum qilamiz», — deb yakunlanadi xabar.

Mavzuga oid