Qarshi shahri talabalar o‘rtasidagi ommaviy sport musobaqalariga mezbonlik qildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yildagi musobaqalar 10-13 dekabr kunlari Qarshi davlat universiteti va viloyatning boshqa oliy ta’lim muassasalari mezbonligida o‘tkazildi.
To‘rt kun davom etgan musobaqalar ko‘plab iqtidor egalarini kashf etgani, jamoalarni yanada jipslashtirgani, yoshlar o‘rtasida hamjihatlik tuyg‘ularini, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bellashuvlar mini futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika, stritbol kabi sport turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Final bosqichida umumiy hisobda 574 nafar sporsevar talaba ishtirok etdi.
Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan taqdirlash marosimida barcha g‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom va medallar tantanali topshirildi. Taqdirlash marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, viloyat hokimligi rahbar va mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Qarshi davlat universiteti bu kabi yirik musobaqalarga ilk bora mezbonlik qilmoqda. Shu bois, ushbu musobaqa sharafiga universitetda «Ziyolilar bog‘i» ham barpo etildi.
«Besh tashabbus olimpiadasi» respublika final bosqichi musobaqalari yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimga tashrif buyurgan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «Ziyolilar bog‘i»ga ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi. Mehmonlar tomonidan oliygohning belgilangan hududida mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mavzuga oid
16:07 / 17.08.2023
Qarshi davlat universiteti talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi
10:42 / 15.12.2022
Qarshi davlat universitetida yangi o‘quv binosi va talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
10:22 / 09.09.2022
Yotoqxona izlash talabaning muammosiga aylanmasligi lozim yoxud Qashqadaryo tajribasi
18:39 / 20.06.2022