Jahon | 23:07 / 28.12.2024
5334
3 daqiqa o‘qiladi

Chernogoriyada qo‘lga tushgan kriptomagnat AQShga ekstraditsiya qilinadi

Chernogoriya kriptovalutalar tarixidagi eng shov-shuvli loyihalardan birining asoschisi bo‘lgan janubiy koreyalik Do Kvonni AQShga ekstraditsiya qiladigan bo‘ldi.

Do Kvon Foto: Woohae Cho / Bloomberg / Getty Images

Chernogoriya adliya vaziri Boyan Bojovich kriptomagnat Do Kvonni AQShga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qarorga imzo chekdi. Ushbu qaror kriptovaluta sohasidagi ziddiyatli shaxslardan biri ishtirokidagi yuridik mojaroga nihoyat nuqta qo‘ymoqda.

Qayd etilishicha, vazirning qarori Kvon tomonidan Chernogoriya Oliy sudi qarori ustidan Konstitutsiyaviy sudga kiritgan shikoyati rad etilganidan so‘ng qabul qilingan. Sentyabr oyida oliy sud instansiyasi Terra asoschisini Janubiy Koreyaga topshirish imkoniyatini bekor qilib, yakuniy qarorni qabul qilish vakolatini Adliya vazirligiga topshirgan edi.

Vazirlikning rasmiy bayonotida qayd etilishicha, qaror qabul qilishda barcha holatlar, jumladan, jinoyatning og‘irlik darajasi, u sodir etilgan joy, ekstraditsiya uchun so‘rovlarning berilishi, Kvonning fuqaroligi va uni boshqa mamlakatga topshirish imkoniyatlari inobatga olingan.

33 yoshli Kvonning Terraforms Labs kompaniyasi Terra USD (UST) steyblkoinini ishlab chiqqan bo‘lib, u Terra tokeni (LUNA) bilan o‘zining algoritm va operatsiyalar tizimi orqali dollar kursiga bog‘liqligini saqlab turishi kerak edi. 2022 yil mayda tizim ishdan chiqdi, bu vaqtda UST va LUNA tokenlarining umumiy kapitalizatsiyasi 60 milliard dollardan oshgandi. Investorlar zudlik bilan o‘z mablag‘larini chiqarib olishga urinishi natijasida ikkala token narxlari quladi. Do Kvon loyihasining barbod bo‘lishi shu qadar keng ko‘lamli ediki, u global kriptovaluta bozoriga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Ko‘p o‘tmay Janubiy Koreya Kvonni firibgarlik va bozorni manipulyatsiya qilishda ayblab, hibsga olishga order berdi. U o‘z aybiga iqror bo‘lmadi va mamlakatdan qochib ketdi. Butun dunyo bo‘ylab investorlar milliardlab dollarlaridan ayrildi va Kvon Janubiy Koreya, AQSh hamda Interpol tomonidan qidiruvga berildi.

O‘tgan yilning martida Do Kvon Chernogoriyada soxta hujjatlardan foydalangani uchun qo‘lga olindi. Joriy yil mart oyida esa qamoqdan ozod etilgach, u AQSh yoki Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilinadigan bo‘ldi.

Ekstraditsiya oid ish Chernogoriyada siyosiy mojaroni keltirib chiqardi: sobiq adliya vaziri Andrey Milovich bosh vazir Miloyko Spaichni Kvon bilan moliyaviy aloqalari tufayli Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilish uchun lobbichilik qilishda aybladi.

Kriptotadbirkorning advokatlari uni Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilishni so‘radi — ushbu mamlakatda bu turdagi moliyaviy jinoyatlar uchun 30-40 yil qamoq jazosi belgilangan. AQShda esa sud isbotlangan har bir jinoyat uchun alohida jazo tayinlashi va yakunda ularning umumiy muddati bir necha barobarga oshib ketishi mumkin.

Mavzuga oid