O‘zbekiston fuqarolari Chernogoriya hududidan Vatanga qaytishda yordam so‘rab elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Murojaatchilarning ma’lumot berishicha, Chernogoriyadagi ish beruvchi ular bilan mehnat munosabatlarini bir tomonlama tugatgan. Oqibatda hamyurtlar yashash uchun mablag‘siz qolgan.
Qayd etilishicha, avvalroq vatandoshlarga ishga joylashish va’dasi bilan ishchi vizasi rasmiylashtirilgan. Ular Chernogoriyaga yetib borgach, qurilish sohasida ish boshlagan.
Keyinchalik ish beruvchi boshqa chet ellik xodimlarni ular uchun noqulay shartlarga jalb qilgan. Shundan so‘ng, bajarilgan ishlarning qoniqarsiz sifati bahonasida vatandoshlar ishdan chetlatilgan. Shu bilan birga, amaldagi shartnoma majburiyatlariga qaramay, ularga oxirgi oy uchun ish haqi to‘lanmagan.
Yuzaga kelgan holatni inobatga olgan holda, elchixonaning konsullik bo‘limi Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va yordam jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ko‘rsatish masalasini ishlab chiqish maqsadida Migratsiya agentligi bilan ishchi aloqalar o‘rnatgan.
Belgilangan chora-tadbirlar natijasida hamyurtlarga aviachiptalar xarid qilinib, ular O‘zbekistonga qaytarilgan.











