Jahon | 21:07 / 01.01.2025
6318
2 daqiqa o‘qiladi

Koinotdagi chiqindilar Yer orbitasini falaj qilishi mumkin - OAV

Gap Kessler sindromi haqida bormoqda - kosmik kemalarning to‘qnashuvi yoki ularning qoldiqlari minglab va minglab yangi, kichikroq bo‘laklarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Foto: Shutterstock

Koinotdagi chiqindilar Yer orbitasiga xavf solmoqda, deb yozdi CNN. Oxirgi to‘rt yil ichida koinotga turli jismlarni uchirish sur’ati keskin o‘sdi. Bu tahdidli vaziyatni yuzaga keltiradi, dedi Arizona universiteti professori Vishnu Reddi.

Gap Kessler sindromi haqida bormoqda - kosmik kemalarning to‘qnashuvi yoki ularning qoldiqlari minglab va minglab yangi, kichikroq bo‘laklarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ularning aksariyatini ko‘z ilg‘amaydi, deb ta’kidladi olim. Kessler sindromining ehtimoliy nazoratsiz rivojlanishi uzoq vaqt davomida raketalar parvozini imkonsiz qilishi mumkin.

Reddi so‘zlariga ko‘ra, geostatsionar orbita alohida xavf tug‘diradi. U taxminan 35 ming kilometr balandlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda televideniye va aloqa yo‘ldoshlari joylashgan. Agar Kessler sindromi yuzaga kelsa, bu orbitani tozalash juda qiyin ish bo‘ladi.

Yevropa kosmik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1957 yilda kosmik tadqiqotlar boshlanganidan beri koinotda 650 dan ortiq «portlash, to‘qnashuv yoki parchalanishga olib kelgan anomal hodisalar» sodir bo‘lgan.

Bunday hodisalar qatoriga sun’iy yo‘ldoshlarning tasodifiy to‘qnashuvi, raketa va kosmik kema qismlarining kutilmagan portlashi, AQSh, Rossiya, Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan qurol-yarog‘ sinovlari va ular orbitadagi turli balandliklarda parchalarni sochishi kiradi.

Ikki kosmik obekt o‘rtasidagi so‘nggi yirik tasodifiy to‘qnashuv 2009 yil fevral oyida sodir bo‘lgan. Shunda Rossiyaning «Kosmos 2251» harbiy sun’iy yo‘ldoshi Amerikaning Iridium aloqa sun’iy yo‘ldoshi bilan to‘qnashdi. Oqibatda diametri taxminan 10 sm bo‘lgan 2 mingga yaqin parchalar ulkan bulutni hosil qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid