Jahon | 17:49 / 01.01.2025
3542
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Kongoda tarqalgan noma’lum kasallikning kelib chiqish sababini aniqladi

Kongo Demokratik Respublikasida ko‘plab insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan noma’lum kasallik qo‘zg‘atuvchilari AH1N1 gripp virusi va SARS-CoV-2 koronavirusi ekani ma’lum bo‘ldi.

Foto: KB Mpofu / Getty Images

Kongo Demokratik Respublikasida tarqalgan noma’lum kasallik oddiy mavsumiy kasalliklar, bezgakning og‘ir shakli va yetarlicha to‘yib ovqatlanmaslik sabab kelib chiqqan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) hisobotida so‘z boradi.

Shu bilan birga, kasallik qo‘zg‘atuvchilari AH1N1 gripp virusi va SARS-CoV-2 koronavirusi hisoblanadi.

27 dekabr kuni Kongo Demokratik Respublikasi biotibbiyot tadqiqotlar milliy instituti gap murakkab koinfeksiya — bitta hujayraning birdaniga bir necha virus bilan zararlanishi haqida ketayotganini ma’lum qildi. Afrika davlatida kuzda aniqlangan kasallik qo‘zg‘atuvchilar AH1N1 grippi va SARS-CoV-2 koronavirusining viruslari hisoblanadi, ular bezgak qo‘zg‘atuvchilari bilan birgalikda o‘zaro ta’sir ko‘rsatgan.

Dekabr boshlarida JSST Kongoda 24 oktyabrdan beri 400 dan ortiq insonda noma’lum virus aniqlangani va ularning 30 dan ortig‘i vafot etgani to‘g‘risida xabar bergandi. Kasallik tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, tumov, yo‘tal va tanadagi og‘riqlar kabi belgilar bilan kuzatilgan. Kasallikka chalinganlarning asosiy qismini besh yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etgan.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatga epidemiologlar, laborantlar, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha ekspertlardan iborat mutaxassislarini yuborgan edi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid