Jahon | 21:34 / 22.01.2025
4148
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Bashar Asadni hibsga olishga order berdi

Suriyaning sobiq prezidenti harbiy jinoyatlarga sheriklikda, xususan, tinch aholiga qasddan hujum qilishda gumonlanmoqda. Fransiya sudyalari 2023 yilda ham Bashar Asadni hibsga olish uchun order bergandi.

Foto: Reuters

Fransiya tergov sudyalari Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan yetakchisi Bashar Asadni hibsga olishga order berdi. U harbiy jinoyatlarga sheriklikda, xususan, fuqarolarga qasddan hujum qilishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda, deb yozadi Reuters.

Mandat 2017 yil 7 iyun kuni Suriyadagi bombardimon oqibatida halok bo‘lgan Saloh Abu Naburga nisbatan olib borilgan tergov ishi doirasida berilgan. Fransuz sud organlarining hisoblashicha, Asad ushbu hujumni amalga oshirish buyrug‘ini bergan va hujum uchun kerakli vositalarni taqdim etgan.

Ta’kidlanishicha, bu Suriya sobiq prezidentini hibsga olish uchun Fransiya sudyalari tomonidan berilgan ikkinchi order hisoblanadi. 2023 yil noyabrda ham fransiyalik sudyalar Asadni insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarga aloqadorlikda ayblab, hibsga olish orderini bergan. Bu 2013 yil avgustda Duma va Sharqiy G‘uta hududlaridagi kimyoviy hujumlardan keyin sodir bo‘lgan — hujum oqibatida mingdan ortiq inson halok bo‘lgan edi.

Asadning o‘zi 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushida raqiblariga qarshi kimyoviy qurol qo‘llaganini rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni Suriyada hokimiyat tepasiga «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi keldi. 10 dekabr kuni Muhammad al-Bashir o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinlanganini e’lon qildi. Bashar Asad esa mamlakatdan Rossiyaga qochib ketdi. RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Asad oilasiga boshpana berish qarorini shaxsan Putinning o‘zi qabul qilgan.

Mavzuga oid

E`lonlar