Haqiqiy sun’iy yo‘ldosh tomon ilk qadamlar – «UzCanSat» sinov parvozlaridan fotoreportaj
Toshkent viloyatidagi aerodromda «O‘zbekkosmos» agentligining «UzCanSat» loyihasi doirasida sinov parvozlari bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar o‘zlari yasagan kichik sun’iy yo‘ldoshlarni dron yordamida 1000 metrgacha olib chiqib, sinovdan o‘tkazdi. Yosh o‘quvchilar uchun esa pnevma-gidro raketalarni uchirish imkoni berildi. Kun.uz muxbiri tadbirdan fotoreportaj taqdim etadi.

Foto: Kun.uz
14 fevral kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi «Yangi hayot» ochiq uchish aerodromida «O‘zbekkosmos» agentligi «UzCanSat» loyihasi navbatdagi sinov parvozlari bo‘lib o‘tdi.
Unda 200 dan ortiq o‘quvchilar va talabalardan tashkil topgan yoshlar jamoasi o‘zlari yaratgan mikro sputniklarning real parvozini dronlar yordamida amalga oshirib, 1000 metr balandlikdan havo harorati, balandlik va bosim nazorati kabi birlamchi ma’lumotlarni qabul qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, «CanSat» bu kichik konserva idishi hajmidagi mini sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, ilk bor bu loyiha 1990 yili AQShda, NASA va Amerika universitetlari hamkorligida tashkil etilib, yoshlarning kosmik missiyalarda ishtirok etish ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan. Bugunga kelib esa «CanSat» uchirish musobaqalari ko‘plab xorijiy davlatlar qatori O‘zbekistonda ham o‘tkazilmoqda.
«UzCanSat» loyihasi bu safargi qatnashchilari qatorida TATU, Transport universiteti, Irrigatsiya universiteti, Yangi O‘zbekiston Universiteti talabalari va Sehriyo maktabi o‘quvchilaridan iborat jamoalar qatnashdi.
Guruhlar sinovdan o‘tkazgan parvozlar vaqtida kichik tipdagi sun’iy yo‘ldoshlari 650 metrdan 1000 metrgacha balandlikda ishladi. Ular ushbu balandlikda talab qilingan ko‘rsatkich bo‘yicha – harorat, bosim, rasmga olish, radiatsiyani o‘lchash va havo namligini tekshirish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim qildi.
«Bu konkurs yoshlarimizga nima beradi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bizning yoshlarimiz texnokratiyaga qiziqishi, ular kosmos sohasida o‘zlarini topishlari uchun «O‘zbekkosmos» agentligi o‘quvchilar va universitet talabalariga kurslar va treninglar tashkil qilib kelyapti. Bu sohadagi dastlabki bilimlarni amalda sinab ko‘rishga imkoniyat, desak ham bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bizning yoshlarimiz o‘z qo‘llari bilan sun’iy yo‘ldoshlarni yig‘ishadi. Sun’iy yo‘ldoshlar ko‘p turlarga bo‘linadi. Bu turlar ichida rasmga oluvchilar bor, aloqaga javob beruvchilar bor. Bu «CanSat» xuddi o‘sha sun’iy yo‘ldoshning kichkina va arzon varianti. Masalan, haqiqiy Sputnikda million dollarlik kameralar tursa, bu yerda 2-3 dollarlik kameralar bor. Ya’ni bu yoshlarimiz kichik qilingan sun’iy yo‘ldoshlar konsepsiyasini o‘rganib chiqishdi. Kelajakda yoshlarimiz katta sun’iy yo‘ldoshlarni ishlashi, uni qanday ishlab chiqilishini ham sekin-asta tushunib boradi.
Bu kichik sun’iy yo‘ldoshni tayyorlash xarajatlari unchalik qimmat emas, 500 mingdan 1 million so‘mgacha ketishi mumkin. Bu xarajatlarni talabalarning o‘z universitetlari qoplab berishdi. Ularni yig‘ish uchun esa «O‘zbekkosmos» agentligi xodimlari tomonidan 3-4 oy davomida oflayn va onlayn darslar bo‘ldi, yordam berdik va tushuntirdik. Shuncha muddatda yig‘ildi. Bu kabi loyihalarga qiziquvchi yoshlarimiz uchun maxsus saytimiz ishga tushgan. Bu yerda bizning loyihalarimiz bilan tanishish, shuningdek ariza qoldirishi mumkin. Biz ular bilan bog‘lanamiz, loyihada qatnashish bepul», — deydi «O‘zbekkosmos» agentligi bo‘lim boshlig‘i Humoyun Rahmonov.
Ma’lum qilinishicha, «UzCanSat» dasturining final bosqichi 2025 yil aprel oyida «Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni» doirasida o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida yosh o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan tayyorlangan pnevma-gidro raketalar uchiruv tanlovi ham bo‘lib o‘tdi.
Rasmlar muallifi Farrux Absattarov
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi
Jahon | 01:11
-
Britaniyaliklar to‘liq ofisga qaytishdan ko‘ra ishdan bo‘shashni afzal ko‘rmoqda - tadqiqot
Jamiyat | 00:46
-
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston | 00:20
-
Dunyodagi eng yashil shaharlardan biri ekologik maqsadlariga erisha olmagani uchun jarimaga tortildi
Jahon | 23:40 / 31.03.2025
Mavzuga oid

20:24 / 23.03.2025
Xitoy orbitada sun’iy yo‘ldoshlar ishtirokida «havo janglari»ni sinovdan o‘tkazmoqda

10:25 / 22.03.2025
Malayziya O‘zbekistonda dronlarda innovatsion xizmatlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

12:41 / 21.03.2025
Mer: Odessa va oblastga dronlar hujum qildi

11:41 / 12.03.2025