Jahon | 22:17 / 04.03.2025
6997
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya fuqaroligini olishni istayotgan amerikaliklar soni rekord darajada oshdi

Yuristlarning ta’kidlashicha, bunga Donald Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi va Buyuk Britaniya soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda.

Foto: Shutterstock

2024 yilda 6100 nafar AQSh fuqarosi Buyuk Britaniya fuqaroligini olishga ariza berdi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib, Financial Times xabar berdi.

Qayd etilishicha, ariza berganlar soni bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 26 foizga ko‘p va 2000 yildan beri kuzatilgan rekord darajadagi ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘tgan bir yil ichida Britaniya IIVga fuqarolik olish uchun jami 251 mingga yaqin ariza kelib tushgan — bu 2023 yilga nisbatan 6 foizga ko‘p demak.

FT suhbatlashgan yuristlarning ma’lum qilishicha, Britaniya fuqaroligini olishni xohlayotgan amerikaliklar sonining oshishi Donald Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi va Buyuk Britaniya soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

«Saylov kampaniyasi hal qiluvchi fazaga kirganidan keyin Britaniya fuqaroligini olishga bo‘lgan qiziqish keskin oshganini qayd etdik. Hozirda amerikaliklar Buyuk Britaniya fuqaroligini olishga Trampning birinchi prezidentlik davriga nisbatan ko‘proq qiziqish bildirmoqda», — deydi Farrer & Co yuridik firmasi vakili Yelena Xinchin.

Fevral oxirlarida britaniyaliklar 2024 yilda YeI tarkibiga kiruvchi Irlandiya fuqaroligini olish uchun rekord darajada ariza bergani ma’lum bo‘lgandi. Bunga mamlakat iqtisodiyotidagi muammolar, siyosiy beqarorlik, shuningdek, YeIda ish topish hamda shartnoma tuzishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid