Jahon | 11:37 / 04.03.2025
4325
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina resurslari bo‘yicha kelishuv «o‘lmadi»

Trampning fikricha, Oq uyda imzolanmagan noyob metallar bo‘yicha kelishuv «o‘lmadi». Avvalroq AQSh moliya vaziri Bessent u «muzokaralar stolida emas»ligini aytgandi.

Foto: Yuri Gripas/Pool via CNP/AdMedia/picture alliance

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z mamlakatining Ukrainadagi noyob metallarga kirishini ta’minlash bo‘yicha kelishuv imzolanishi «o‘lik» ekanligiga ishonmasligini aytdi. «Menimcha, bu biz uchun katta ish, chunki Bayden urush uchun juda va juda ahmoqona 350 milliard dollarni (Ukrainaga) bergan va nima bo‘lganini bilasiz», — dedi AQSh prezidenti 3 mart, dushanba kuni jurnalistlarga. Ertasi kungi nutqida u bu haqda batafsilroq gapirishga va’da berdi.

Ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga nisbatan ayrim sanksiyalarni bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Tramp AQSh urushni tugatish uchun «hamma bilan, jumladan, Yevropa davlatlari bilan ham kelishuvga kirishayotganini» aytdi. Amerika yetakchisi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Yevropadan ko‘ra «ko‘proq» berganini va shuning uchun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «ko‘proq minnatdor» bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

Zelenskiy AQSh bilan shartnoma imzolashga tayyor

Avvalroq Ukraina prezidenti Kiyev va Vashington o‘rtasida tog‘-kon bo‘yicha kelishuvni «imzolashga hamon tayyor» ekanligini va Qo‘shma Shtatlar bilan «konstruktiv muloqot»ni istashini aytdi. Zelenskiy Britaniyaning BBC media kompaniyasining tegishli savoliga javob berdi. «Men shunchaki Ukraina pozitsiyasi eshitilishini istayman. Biz hamkorlarimiz bu urushda tajovuzkor kim ekanligini eslab qolishlarini istaymiz», — dedi u.

2 mart kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa yetakchilari sammitidan so‘ng so‘zlagan Zelenskiy Vashingtondagi so‘nggi uchrashuvining tabiati hamkor sifatida na AQShga, na Ukrainaga foyda keltirmaganini, faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun foydali ekanini aytdi. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti taklif qilinsa, Oq uyga qaytishini qayd etgan.

Ayni paytda AQSh moliya vaziri Skott Bessent CBS News telekanaliga bergan intervyusida nodir metallar bo‘yicha kelishuv hozircha muhokama qilinmaganini aytdi. «O‘ylaymanki, prezident Zelenskiy tinchlik kelishuvini davom ettirishni xohlaydimi yoki yo‘qmi, shuni ko‘rishimiz kerak. Agar u janglar davom etishini istasa, bekor bo‘ladigan iqtisodiy kelishuvning nima keragi bor», dedi Bessent. Uning so‘zlariga ko‘ra, «prezident Zelenskiy kelishi va ushbu iqtisodiy bitimni imzolashi kerak edi» va u «buni buzishga qaror qildi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid