Jahon | 17:36 / 09.03.2025
3141
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Avstriya muzliklari rekord darajada tez eriyotganidan ogohlantirdi

Bunga anomal issiqlik va yog‘ingarchilikning yetishmayotgani sabab bo‘lmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, endi muzliklarni saqlab qolishning imkoni yo‘q.

Foto: AP

Avstriya muzliklari misli ko‘rilmagan darajada tez erimoqda: ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, 40-50 yildan keyin ulardan asar ham qolmaydi.

Muzliklar suvning tabiiy rezervuari vazifasini bajargani, iqlimni sovitishi hamda ko‘plab hayvon va o‘simliklar uchun yashash muhitini hosil qilgani bois ekotizimda muhim rol o‘ynaydi.

Avstriya Alp klubi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda muzliklar o‘rtacha 24,1 metrga erigan — bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori uchinchi ko‘rsatkich. Ayniqsa, Alp tog‘laridagi Otztal muzliklari tez erimoqda — ularda erish ko‘rsatkichi 230 metrni tashkil etgan.

Bunga anomal issiqlik va yog‘ingarchilikning yetishmayotgani sabab bo‘lmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, endi muzliklarni saqlab qolishning imkoni yo‘q.

«Odamlar o‘zini-o‘zi saqlab qolish hissiyotidan kelib chiqib, iqlim uchun nimadirlar qilgan holda o‘zini himoya qilishi kerak», — deydi Avstriya Alp klubi vitse-prezidenti Nikol Slupetski.

Shu bilan birga, BMT 2025 yilni Muzliklarni himoya qilish xalqaro yili deb e’lon qilgan, 21 mart esa Xalqaro muzliklar kunidir. Biroq ekspertlarning fikricha, ushbu tashabbuslar vaziyatni endilikda o‘zgartira olmaydi.

Tadqiqotchilarning baholashicha, muzliklarning yo‘qolishi ko‘llar soni oshishiga, xavfli tosh ko‘chkilari boshlanishiga va ekotizimning buzilishiga olib keladi.

Ma’lumot uchun, fevral oyi boshida Arktika va Antarktidadagi muz qoplamining umumiy maydoni 16,04 million kvadrat kilometrni tashkil etgan — bu 1979 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Mavzuga oid

E`lonlar