Jahon | 11:29 / 21.03.2025
2278
3 daqiqa o‘qiladi

Hitrou aeroporti katta yong‘in tufayli yopildi 

Londondagi Hitrou aeroporti yaqin atrofdagi elektr podstansiyasida yuz bergan kuchli yong‘in tufayli yopildi, deb xabar berdi Sky News.

Foto: AP

Londondagi Hitrou aeroporti London g‘arbidagi Xeys yaqinida joylashgan elektr nimstansiyasida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in tufayli yopildi. Bu haqda 21 mart, juma kuni Sky News xabar berdi

Aeroport vakilining aniqlik kiritishicha, aeroportning katta hududida «elektr ta’minoti uzilgan». Ta’minotni qachon uzilishlarsiz tiklash mumkinligi hozircha aniq emas.

Aeroport 21 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan 22 mart 04:00)gacha yopiq bo‘ladi.

Parvozlarni kuzatish bo‘yicha Flightradar24 sayti Hitrouga yo‘l olgan kamida 120 ta samolyot boshqa joyga yo‘naltirilishi haqida xabar qildi.

Parvozlar odatda tungi tanaffusdan keyin soat 05:00 (Toshkent vaqti bilan 09:00)lar atrofida amalga oshiriladi.

Hitrou dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri bo‘lib, o‘tgan yili rekord darajadagi 83,9 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Samolyot har 45 soniyada u yerga qo‘nadi yoki parvozga ko‘tariladi.

Yo‘lovchilarga Hitrouga bormaslik va aviakompaniyalarga murojaat etish tavsiya qilindi, deya xabar beradi dpa.

Podstansiyadagi yong‘in: alanga ustuni va quyuq qora tutun 

Yong‘in aeroportdan 2,5 km uzoqlikda joylashgan podstansiyada sodir bo‘lgan va 16 mingga yaqin uy elektr ta’minotisiz qolishi mumkin.

Favqulodda hodisa joyidan olingan suratlarda alanga ustuni va quyuq qora tutun ko‘tarilayotgani aks etgan.

London o‘t o‘chirish brigadasining ma’lum qilishicha, voqea joyida 10 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 70 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi bor.

O‘t o‘chiruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, podstansiyadagi transformator yonib ketgan, buning sabablari o‘rganilmoqda.

150 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan, 200 metrlik to‘siq o‘rnatilgan.

London o‘t o‘chirish brigadasi voqea yuzasidan 190 dan ortiq qo‘ng‘iroqlarni qabul qilganini ma’lum qildi. Aholi tutun tufayli deraza va eshiklarni yopiq holda saqlashga chaqirildi.

Mavzuga oid