Jahon | 18:09 / 07.04.2025
4601
2 daqiqa o‘qiladi

Myanmadagi vayronkor zilzila sabablari aytildi

Tadqiqotchilar zilzila paytida yangi geologik yoriq paydo bo‘lganini aniqladi. U 3 km/soniya tezlikda harakatlanib, 400 km masofaga cho‘zilgan.

Foto: Xinhua

Olimlar Myanmada 28 mart kuni sodir bo‘lgan zilzilaning vayronkorligi sabablarini tahlil qildi – uning oqibatida 3 mingdan ortiq odam halok bo‘lgandi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, bu – noyob, o‘ta kuchli zilzila yer sirtiga yaqin joyda ro‘y bergani bilan bog‘liq.

Zilzila Birma va Zond plitalari orasidagi yirik tektonik tuzilma bo‘lgan Sagaing yorig‘i hududida sodir bo‘ldi. Bu Hindiston va g‘arbiy Myanmaning janubi-sharqiy Osiyoning qolgan qismiga nisbatan shimolga harakatlanishiga yordam beradi. Yoriq janubdagi Andaman dengizidan Myanmaning eng shimoliy qismiga o‘tadi va miqyosi, harakati va seysmik faolligi jihatidan Kaliforniyadagi mashhur San-Andreas yorig‘iga juda o‘xshash.

Tadqiqotchilar zilzila paytida yangi geologik yoriq paydo bo‘lganini aniqladi. U 3 km/soniya tezlikda harakatlanib, 400 km masofaga cho‘zildi. O‘ta kuchli zilzilalarda yoriq o‘zi hosil qiladigan seysmik to‘lqinlardan tezroq harakat qiladi. Bu seysmik energiya konsentratsiyasiga olib keladi va oddiy zilzilalarga qaraganda ancha katta zarar keltiradi.

Olimlarning qayd etishicha, bunday zilzilani tovushdan tez uchadigan reaktiv samolyot bilan solishtirish mumkin. 7,7 magnitudali silkinishlar Sagaing yorig‘ining 200 kilometrlik qismi buzilishiga sabab bo‘lgan. Tektonik plitalarning g‘ayrioddiy tez harakatlanishi zararni yanada kuchaytirdi va zilzila episentrdan 1000 km dan ortiq masofada sezildi.

AQSh Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Myanmadagi zilzila yer sirtidan atigi 10 km chuqurlikda sodir bo‘lgan. Bu ofatning ekstremal tabiati bilan birgalikda ta’sir nega bunchalik vayronkor bo‘lganini tushuntiradi.

Mavzuga oid