O‘zbekiston prezidenti 21 aprel kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi farmon imzoladi.
Farmonning ilovasiga ko‘ra, 2025 yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, to‘y-hasham, ma’raka va marosimlardagi isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi.
Amaldagi qoidalar qanaqa?
O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida nizom bor.
Bu nizom parlament palatalari kengashlarining 2019 yil 14 sentabrdagi qarori bilan tasdiqlanib, 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega.
2020 yil mart oyida bu qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi. MJtKga qo‘shilgan 1921-moddaga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibi rioya etmagan fuqarolarga 10 BHM (hozirda 3 mln 750 ming so‘m), to‘yxona va kafe-restoranlarning mansabdor shaxslariga 30 BHM (takroriy sodir etilsa, 50 BHM) miqdorida jarima belgilangan.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno), soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, bu tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida esa 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.
Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni («kelin navkari», «chorlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.









