Jahon | 15:55 / 05.05.2025
6833
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp uchinchi muddat, tinchlik muzokaralari va savdo urushi oqibatlari haqida gapirdi

Tramp keyingi saylovlarda AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan kim da’vogarlik qilishi mumkinligi haqidagi savolga «10-15 kishi» borligini aytib, o‘zining ehtimoliy vorislari qatorida vitse-prezident Jyey Di Vens va Davlat departamenti rahbari Marko Rubio nomlarini ham sanab o‘tgan.

Foto: Foto: Evan Vucci / AP

AQSh prezidenti Donald Tramp uchinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. NBC telekanaliga bergan intervyusida u o‘zining ehtimoliy vorislarini, jumladan, vitse-prezident Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio nomzodlarini sanab o‘tdi. Tramp, shuningdek, o‘zi joriy qilgan import bojlarining oqibatlari va Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlari haqida gapirdi.

«Men „sakkiz yillik“, „ikki muddatli“ prezident bo‘laman. Men har doim buni juda muhim deb hisoblaganman», – degan Tramp NBC telekompaniyasi jurnalisti Kristen Uelkerga bergan intervyusida.

Hozirda 78 yoshda bo‘lgan Tramp bungacha AQSh prezidenti lavozimida uchinchi yoki hatto to‘rtinchi muddat qolmoqchi ekani haqida «hazillashmayotgani»ni aytgandi.

Biroq, keyinchalik u o‘z bayonotlari orqali «soxta yangiliklar saytlari»ni troll qilishni maqsad qilganini aytib chiqqandi.

Juma kuni o‘zining Floridadagi qarorgohida yozib olingan intervyusida Tramp ikkinchi muddat tugagandan so‘ng prezidentlik lavozimida qolish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan odamlardan ko‘plab «iltimoslar» bo‘lganini aytib o‘tdi.

«Qanchadan qancha odamlar shunday qilishimni xohlashadi. Ammo bu men qilmoqchi bo‘lgan ish emas. Men buni qilmayman», – degan Tramp hamda prezident sifatida «to‘rt ajoyib yil» bo‘lishini va keyin hokimiyatni boshqaga – «ideal holda buyuk respublikachi»ga topshirishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

Make America Great Again («Amerikani yana buyuk qilamiz») siyosiy harakatining kelajagi haqidagi savolga prezident harakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olishi mumkin bo‘lgan odamlarning «katta» guruhi borligini aytdi. Ular qatorida u AQSh davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jyey Di Vens nomlarini keltirdi. «Men hozir shu yerda o‘tirgan holda 10, 15, 20 kishini aytishim mumkin», dedi Tramp o‘zining vorisi sifatida kimni ko‘rishi haqidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochgan holda.

«Jyeyms Di juda yaxshi ishlaydi. U ajoyib. Marko ajoyib ish qilmoqda», – dedi Tramp.

Trampning uchinchi muddatga saylanish istagi haqidagi gap-so‘zlar Trump Organization kompaniyasi aprel oyida Trump 2028 logotipi tushirilgan qizil kepkalar sota boshlaganidan so‘ng avj olgandi. «Kelajak porloq ko‘rinyapti! Trump 2028 kepkalari bilan qoidalarni qayta yozing», deyilgan mahsulot tavsifida.

AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, Oq uyda ikkinchi prezidentlik muddatini o‘tayotgan Tramp uchinchi muddatga saylanish huquqiga ega emas.

Konstitutsiyaning 22-tuzatishida «hech kim ikki martadan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emasligi» belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun Senatda ham, Vakillar palatasida ham kongressmenlarning uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi, bundan tashqari, bu taklif shtatlar hukumatlarining to‘rtdan uch qismi tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi.

Ukrainada tinchlik muzokaralari haqida: «Biz tomonlardan biri bilan kelishuvga yaqinmiz»

Tramp yana bir bor Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlikka erishish yo‘lida oldinga siljishni ko‘rmasa, vositachilik harakatlarini to‘xtatishini aytdi.

«Shunday vaqt keladiki, men ularga shunday deyman: davom ettiraveringlar. Ahmoqlik qilishda davom etavering. Ba’zida men shunday holatga kelib qolaman, keyin esa qandaydir ijobiy narsa sodir bo‘ladi... Balki hech narsa chiqmas, balki buning iloji ham yo‘qdir. Tushunishingiz kerak, [Ukraina va Rossiya o‘rtasida – tahr.] juda katta nafrat bor», – dedi AQSh prezidenti.

Tramp, bir tomondan, Ukrainadagi urushni to‘xtatishga erishib bo‘lmasligi mumkinligi haqida gapirdi, boshqa tomondan - bu yo‘ldagi taraqqiyotni qayd etdi.

«Menimcha, biz tomonlardan biri bilan kelishuvga yaqinroqmiz, boshqa tomondan esa vaziyat murakkabroq bo‘lishi mumkin. Ko‘ramiz. Hozir biz qaysi tomonga yaqinroq ekanimizni aniqlashtirmoqchi emasman. Ammo biz amerikaliklar uchun foydali bitim tuzdik», – dedi Tramp Ukraina bilan yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuvni nazarda tutib.

«O‘tish davri» tarifi to‘g‘risida

Tramp 2022 yildan beri ilk bor bozorlarda vahima va AQSh iqtisodiyoti qisqarishiga olib kelgan tovarlar importiga e’lon qilingan tariflar haqidagi tanqidlarni rad etdi.

«Menga qarang, hammasi joyida. Aytdim-ku, o‘tish davri deb. O‘ylaymanki, bizda hammasi ajoyib bo‘ladi», – degan Tramp.

AQSh iqtisodiyoti qisqarishda davom etishi ehtimoli haqidagi savolga javoban AQSh prezidenti shunday dedi: «Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ammo o‘ylaymanki, biz mamlakatimiz tarixidagi eng yaxshi iqtisodiyotga ega bo‘lamiz».

Tramp, shuningdek, savdo urushi davom etayotgani sababli amerikaliklar do‘konlardagi mahsulotlar taqchilligiga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi haqidagi xavotirlarni aritishga harakat qildi.

«Yo‘q, bunday deyayotganim yo‘q. Men shunchaki 30 ta qo‘g‘irchoq sotib olish shart emasligini aytyapman. Uchtasini sotib olish mumkin. 250 ta qalam bo‘lishi shart emas. Beshta olsa ham bo‘ladi», – dedi u.

Mavzuga oid