Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Odessada Rossiya droni 9 qavatli binoga urildi, jabrlanganlar bor
Odessada Rossiya hujumi oqibatida yong‘in kelib chiqqan 9 qavatli turar joy binosidan 50 kishi evakuatsiya qilindi. Besh kishi jarohatlangan.
3 iyul, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Odessaga hujumkor dronlari bilan hujum qildi. Hujum chog‘ida ko‘p qavatli bino zarar ko‘rgan, dedi shahar meri Gennadiy Truxanov.
Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya uchuvchisiz uchog‘ining 9 qavatli binoga urilishi natijasida 7-qavatdan 9-qavatgacha bo‘lgan qismda yong‘in sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar 50 nafar aholini evakuatsiya qildi, ulardan 10 nafari, jumladan, ikki bola maxsus texnika yordamida chiqarib olindi. Besh kishi jarohatlangan. Ular orasida ikki bola — 7 va 9 yoshli o‘g‘il va qiz bola ham bor.
«Yonuvchi mahsulotlardan zaharlangan bolalar kasalxonaga yotqizildi. Boshqa jabrlanganlar esa barcha zarur tibbiy yordam olib, ambulator sharoitda davolanishni davom ettirmoqda», — dedi Odessa viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Kiper.
Odessada portlash tovushi mahalliy vaqt bilan ertalab soat uchlarda eshitildi. Bundan biroz oldin hujumkor dronlar shahar tomon harakatlanayotgani xabar qilingan edi.