Jamiyat | 18:21 / 07.07.2025
15616
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz turgan joyga 3 ta raketa tushib, 30 askar halok bo‘ldi» – Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlik qamaldi

Rossiyada ishlab yurgan davrida ushbu mamlakat fuqaroligini olgan o‘zbekistonlik 2024 yil jinoyat uchun qamoqqa olingan. Qamoqdaligida Rossiya harbiylari unga jazodan ozod qilish va pul evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni taklif etgan. Bunga rozi bo‘lgan yigit frontga yo‘l olgan va Luhanskdagi bazaga raketa zarbasi oqibatida jarohatlangan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya armiyasiga yollangan buxorolik yigit jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, 1993 yilda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tug‘ilgan A.R. 2018 yil 27 iyul kuni Qozog‘iston orqali Rossiyaning Voronej shahriga borgan. U mavsumiy ishlarda ishlab yurgan davrida O‘zbekiston fuqaroligini saqlab qolgan holda Rossiya fuqaroligini olgan.

A.R. 2024 yil 13 may kuni Rossiya hududida 2019 yil sodir etgan jinoyati uchun qamoqqa olinib, Samara shahridagi 1-sonli vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. So‘ngra hibsxonada Rossiya qurolli kuchlari safiga yollash bo‘yicha o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga rozi bo‘lgan.

U 2024 yil 18 iyul kuni Samara shahridagi harbiy qismda ro‘yxatga olinib, unga harbiy guvohnoma, oddiy askar unvoni berilgan. Shundan keyin boshqa yollangan harbiy xizmatchilar bilan birga Luhanskka yuborilgan.

A.R. Rossiya armiyasi safida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda Ukrainaga qarshi urushda faol ishtirok etgan. 2024 yil 27 iyul kuni harbiy bazaga berilgan raketa zarbasi oqibatida yaralanib, gospitalga olib ketilgan.

 A.R. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

«2019 yilda mast holatda mashinada bo‘lgan yong‘in o‘chiruvchi moslama bilan Xorazm viloyatidan bo‘lgan bir shaxsning bosh qismiga urib, u yerdan qochib ketdim. 2024 yil 13 may kuni meni qamoqqa olishdi. Tergov jarayonida ikki oy qamoqda bo‘ldim. O‘sha vaqtda harbiylar kelib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni taklif etishdi. Buning evaziga jazodan ozod qilishni va 2 mln rubl berilishini aytishdi. Men rozi bo‘ldim va shartnomaga imzo chekdim.

2024 yil 18 iyul kuni menga oddiy askar unvoni va harbiy guvohnoma berishdi. So‘ngra Luhansk shahriga olib borishdi. O‘sha yerda joylashgan binoning yerto‘lasida kutib, urushga tayyorgarlik ko‘rishni boshladik. Har kuni ertalab 5 km masofaga yugurib, mashq qildik.

2024 yil 27 iyulda biz turgan joyga 3 ta raketa kelib tushdi. Shu vaqtda men bilan birga bo‘lgan 30 nafar askar vafot etdi. Qolganlar esa turli darajada yaralandi. Men orqa mushagimga 2 ta oskolka kirib, jarohatlandim. Yarador askarlar qatori meni ham Rostov shahridagi gospitilga olib kelishdi. U yerdan chiqib, taksida Samara shahri qaytib keldim», degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.

So‘ngra A.R. Yekaterenburg shahridagi harbiy qismgaga borgan. U yerda harbiy qismga tegishli gospitalda 21 kun davolangan va Samaraga qaytib kelgan. Bir tanishi unga gospitaldan chiqqandan so‘ng harbiy qism tomonidan qidirilishini, urushga qayta olib ketilishi yoki Rossiyadan chiqib ketishi kerakligini maslahat bergan.

Dekabr oyida u Samara-Toshkent reysi orqali O‘zbekiston pasporti bilan vataniga qaytgan. Uning shaxsiy telefonini ko‘zdan kechirish chog‘ida harbiy amaliyotlarda ishtirok etganini ko‘rsatuvchi suratlar topilgan.

JIB Romitan tuman sudi hukmi bilan A.R. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. O‘zbekiston qonunchiligida Jinoyat kodeksining ushbu moddasi bo‘yicha 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

A.R.ga nisbatan qo‘llangan munosib xulq atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, u darhol sud zalida qamoqqa olingan.

Avvalroq «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan o‘zbekistonlik yigitning ozodligi 5 yilga cheklangandi.

Mavzuga oid