Iqtisodiyot | 14:57 / 07.07.2025
8896
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasiga qo‘shilmoqchi

Bu masala Tojikiston va Xitoy transport vazirlari o‘rtasida muhokama qilindi.

Foto: utrk.kg

Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim Xitoy transport vaziri Lyu Vey bilan respublikaning «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasiga qo‘shilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Uchrashuv 2 iyul kuni Xitoyning Tyanszin shahrida ShHT a’zo davlatlari transport vazirlarining yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Uchrashuvda «Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya-Yevropa» multimodal yo‘lagini yanada rivojlantirish va Tojikistonning «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilindi», deyiladi xabarda.

«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasi «Yangi Ipak yo‘li» transport tizimi doirasida mazkur davlatlarning temir yo‘llarini Turkmaniston, Eron va Turkiya orqali Yevropa temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘lashga qaratilgan.

Qayd qilinishicha, Qirg‘iziston orqali o‘tadigan yo‘nalishni muhokama qilish chog‘ida uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng «shimoliy» yo‘nalish tanlandi: Xitoyning Qashg‘ar shahridan (Xitoy temir yo‘lining janubiy Shinjondagi so‘nggi nuqtasi), Torugart nazorat-o‘tkazish punkti, Arpa vodiysi (Farg‘ona tizmasi), so‘ngra Qo‘shtepa, Makmal, Jalolobod shahri orqali O‘zbekistonga.

Dastlab, Qirg‘iziston uchastkasining rejalashtirilgan uzunligi 268,4 kilometr, Xitoy qismining 165 kilometrini tashkil etishi ma’lum qilingan edi. Yo‘lning umumiy uzunligi 454 kilometr qilib belgilandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, temir yo‘l uzunligi 532,53 km bo‘lib, shundan 158,04 km Xitoy (Qashg‘ar — Torugart) va 304,94 km Qirg‘iziston hududiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil dekabr oyida Dushanbeda «Xitoy-Qirg‘iziston-Tojikiston-Afg‘oniston-Eron» temir yo‘li loyihasini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki kelishuv imzolangan edi.

Bu temir yo‘l Xitoy Qashg‘aridan Qirg‘iziston va Tojikiston hududlari orqali Afg‘oniston Hirotigacha yotqizilishi kutilgan edi. Keyinchalik uni Eron temir yo‘li bilan bog‘lash rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid