Jahon | 13:37 / 10.07.2025
2815
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga ayrim turdagi qurollarni yetkazib berishni qayta tikladi

Amerika Ukrainaga artilleriya snaryadlari va mobil raketalarni yetkazib berishni tikladi, deb xabar berdi Reuters.

Foto: Efrem Lukatsky/AP

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga artilleriya snaryadlari va mobil raketalarni yetkazib berishni qayta tikladi, deb xabar berdi Reuters 9 iyul, chorshanba kuni ikki amerikalik rasmiyga tayanib. Ularga ko‘ra, Kiyevga 155 millimetrli artilleriya snaryadlari va GMLRS mobil raketalari taqdim etilmoqda. Agentlik suhbatdoshlari qancha qurol yuborilgani va yetkazib berish tugallanganiga aniqlik kiritmadi. Boshqa turdagi qurollarni jo‘natishni davom ettirishga qaror qilinganmi yoki yo‘qmi, bu ham noma’lum.

AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Ukrainaga Patriot zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqishini aytgan edi.

O‘tgan haftada jo‘natilishi to‘xtatilgan partiya tarkibiga 30 ta Patriot raketasi, 8500 ta 155 mm artilleriya snaryadlari, 250 dan ortiq GMLRS aniq boshqariladigan raketalari va 142 ta Hellfire "havo-yer" raketalari kiritilgan.

8 iyul kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Amerikaning Ukrainaga mudofaa qurollarini yuborishni ma’qullaganini aytdi, deb xabar berdi Reuters.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umerov va Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga «Amerika tomoni bilan barcha aloqalarni faollashtirishni» topshirganini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid