O‘zbekiston | 08:45 / 11.07.2025
1284
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazadi

Turkmanistonning News Central Asia axborot agentligi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Iroda Imomovaning "O‘zbekiston va Ozarboyjon: Barqaror do‘stlik va ishonchli hamkorlik" sarlavhali maqolasini e’lon qildi.

Muallif O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yillik tarixiga, shuningdek, 2024 yilda imzolangan Ittifoqchilik shartnomasi orqali ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga e’tibor qaratgan.

Shuningdek, nashrda 2017 yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari 12 marotaba uchrashgani va bu uchrashuvlar ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichga chiqishini ta’minlagani ta’kidlangan.

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning katta rivojlanishi va savdo aylanmasining 8 martaga ko‘paygani haqida ham so‘z boradi. "O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘z oldiga o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ygan. Ushbu maqsadga erishish uchun, ko‘plab qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari va investitsion dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, avtomobil sanoati, tekstil yo‘nalishi, shuningdek, agrosanoat sohasida hamkorlik o‘z samarasini bermoqda", – deyilgan materialda.

Bundan tashqari, nashrda 500 million dollarlik umumiy kapitalga ega bo‘lgan O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya kompaniyasi 360 million dollardan ortiq qiymatdagi 15 ta loyihani amalga oshirayotgani haqida o‘quvchilarga ma’lumot berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid