Jahon | 15:10 / 12.07.2025
4462
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy jinoyatlarda ayblangan Rossiya brigadasi komandiri halok bo‘ldi

Askarlari Ukrainadagi harbiy jinoyatlarda bir necha bor ayblangan Rossiya Qurolli kuchlarining 155-alohida dengiz piyoda brigadasi qo‘mondoni halok bo‘ldi.

Foto: Rodrigo Abd/picture alliance / ASSOCIATED PRESS

Rossiya Qurolli Kuchlarining 155-alohida dengiz piyoda brigadasi qo‘mondoni Sergey Ilin Ukrainadagi urushda halok bo‘ldi. 10 iyul, payshanba kuni Chuvashiyaning Urmar tumani ma’muriyati «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida uning o‘limi haqidagi xabar paydo bo‘ldi. OAV bunga e’tibor qaratganidan so‘ng, post o‘chirib tashlangan.

Rasmiylar Ilin qayerda va qanday sharoitda vafot etgani haqida xabar bermadi. Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan Telegram kanallari ma’lumotlariga ko‘ra, u 2 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga uyushtirgan hujumi chog‘ida halok bo‘lgan. Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Mixail Gudkov ham o‘shanda halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Astra.

Harbiylarga yaqin manbalar yozishicha, Gudkov boshqa 10 zobit bilan birga Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Ukraina chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan Korenevo hududidagi qo‘mondonlik punktiga uyushtirilgan hujum natijasida halok bo‘lgan.

155-dengiz piyoda brigadasi askarlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshida Kiyev viloyatini bosib olishda qatnashgan. Ular Bucha, Gostomel va Irpen shaharlarida harbiy jinoyatlarda va tinch aholini o‘ldirishda ayblangan.

Xuddi shu brigadaning askarlari urush paytida ukrainalik askarlarning boshini tanasidan judo qilishda va o‘lganlarning jasadlarini boshqa usullar bilan tahqirlashda ayblangan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid