O‘zbekiston | 14:36 / 14.07.2025
2590
2 daqiqa o‘qiladi

Lift yiliga kamida bir marta majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi

Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilandi.

Foto: RBK

Hukumat qarori bilan «Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, bino va inshootlarda o‘rnatilgan, doimiy ravishda foydalanishda bo‘lgan liftlar 12 oydan oshmagan holda kamida 1 marta majburiy davriy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Foydalanishga topshirilgan va yangi o‘rnatilgan har qanday lift maxsus elektron axborot tizimida ro‘yxatga olinishidan avval dastlabki texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi shart.

Dastlabki texnik ko‘rik lift pudratchisining murojaatiga binoan 10 ish kunidan kechiktirmay ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda texnik ko‘rik natijalarining toifasiga qarab quyidagi ranglarda ma’lumot yorlig‘i liftga yopishtiriladi:

- foydalanishga yaroqli liftga «yashil»;

- qisman nosoz liftga «moviy»;

- nosoz liftga «sariq»;

- foydalanish uchun xavfli liftga «qizil».

Texnik ko‘rik natijasida foydalanish uchun xavfli va qizil rangli ma’lumot yorlig‘i bilan belgilangan liftdan foydalanish taqiqlanishi lozim.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid