Jahon | 08:24 / 18.07.2025
2156
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Yevropa Eron yadroviy kelishuvi uchun dedlayn belgilaydi

AQSh davlat kotibi hamda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Tehron bilan yadroviy kelishuvga erishish uchun avgust oyi oxirigacha muddat belgilashga kelishib oldi. Shundan so‘ng Eronga qarshi sanksiyalar tiklanadi.

Foto: REUTERS

AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari telefon orqali Eronga yadroviy kelishuvga erishish uchun avgust oyi oxirigacha vaqt berishga kelishib oldi. Bu haqda Amerikaning Axios nashri suhbat mazmunidan xabardor uch manbaga tayanib xabar berdi.

Agar Tehron belgilangan muddatda yadroviy kelishuvga rozi bo‘lmasa, Yevropa davlatlari BMT Xavfsizlik kengashining 2015 yilgi yadroviy kelishuvga ko‘ra Eronga qarshi olib tashlangan barcha sanksiyalarini tiklash uchun snapback mexanizmidan foydalanish niyatida. Bu mexanizm oktyabrgacha qo‘llanishi mumkin va shu oyda Rossiya Xavfsizlik kengashining navbatdagi raisligini o‘z zimmasiga oladi. Yevropa davlatlari bungacha ulgurmoqchi. Snapback faollashtirilganda, BMT Xavfsizlik kengashi 30 kun ichida Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak: buning uchun to‘qqizta ijobiy ovoz va AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya yoki Fransiya veto qo‘ymasligi kerak. Agar rezolyutsiya qabul qilinmasa, sanksiyalar tiklanadi.

Qo‘shma Shtatlar va Yevropa diplomatik usullar ish bermasa, bu variantni «zaxira» sifatida ko‘rib chiqmoqda, deya qayd etadi Axios. Nashrning ikki manbasi xabar berishicha, yaqin haftalarda yevropalik diplomatlar Eronni cheklovlar qayta kiritilmasligi uchun qandaydir choralar ko‘rishga ko‘ndirmoqchi. Bu qadamlar qatoriga Islom Respublikasi va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) o‘rtasidagi hamkorlikni qayta tiklash va Erondan 60 foizgacha boyitilgan 400 kgga yaqin uranni olib chiqib ketish kiradi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakilining Reuters agentligiga aytishicha, Eron yadro dasturi bo‘yicha «xalqaro hamjamiyatning xavfsizlik manfaatlarini hisobga oladigan» «barqaror va tekshirilishi mumkin bo‘lgan diplomatik yechim»ga ehtiyoj bor. «Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak», — dedi nemis diplomati.

Ayni paytda, Tehron BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarining tiklanishi «adekvat va mutanosib javob»ga sabab bo‘lishini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid