Sog‘lom hayot | 14:26 / 22.07.2025
3610
4 daqiqa o‘qiladi

Jaziramada qanday taomlarni iste’mol qilmaslik kerak? – SVV tavsiyalari

Havo harorati yuqori bo‘lgan kunlar inson salomatligi uchun jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. Mazkur davrda organizm suvsizlanish, oziq-ovqatdan zaharlanish va issiqlikdan holsizlanishga moyil bo‘ladi. Noto‘g‘ri ovqatlanish esa bunday xatarlarni yanada kuchaytiradi. Shu sabab jaziramada iste’mol qilinadigan taomlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Sog‘liqni saqlash vazirligi ekologik diplomatiya bo‘limi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov mavzuga oid tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Mutaxassisning aytishicha, jazirama havoda asosan keksalar, homiladorlar, yosh bolalar suvsizlanish, issiqlikdan charchash va issiq urishi kabi holatlarga ta’sirchan bo‘ladi. Shu sababli, eng avvalo, ularning yetarli miqdorda suv ichishi va yengil taomlar iste’mol qilishiga e’tibor berish kerak. Qolaversa, havo o‘ta issiq bo‘lgan kunlari organizm suvsizlanishining oldini olish uchun kun davomida, hatto chanqoq his qilinmasa ham organizmni suv bilan ta’minlash zarur.

Umumiy tavsiyalarga ko‘ra, jazirama kunlarda kuniga o‘rtacha 2,5-3 litr suyuqlik ichish lozim. Biroq jismoniy faollik va havo haroratiga qarab bu miqdor oshishi mumkin. Ko‘chaga chiqqanda doimo suv olib yurish kerak.

Oddiy toza suv eng yaxshi ichimlik hisoblanadi. Muzdek suv o‘rniga xona haroratidagi yoki biroz salqin suvni ichish afzalroq. 36-37 darajali iliq suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilaydi.

Shakarsiz ko‘k choy chanqoqni boshqa ichimliklarga qaraganda yaxshiroq bosadi. Shuningdek, giyohli choylar (yalpiz, moychechak), nordon mevalardan (olcha, olma, qorag‘at, klyukva) tayyorlangan shakarsiz kompotlar (mors), ayron, kefir va limon qo‘shilgan suv ham foydali hisoblanadi. Bu ichimliklar organizmni mineral moddalar va vitaminlar bilan ta’minlaydi.

Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar, masalan, bodring, tarvuz, qovun gidratatsiyaga hissa qo‘shadi. Sut tarkibidagi elektrolitlar tufayli foydali bo‘lishi mumkin.

Ammo jaziramada ba’zi ichimliklarni iste’mol qilishdan saqlanish lozim. Chunki ular nafaqat chanqoqni bosmaydi, balki suvsizlanishni kuchaytirishi ham mumkin. Bularga:

  • tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan, gazlangan ichimliklar, qadoqlangan sharbatlar;
  • alkogol ichimliklar;
  • kofein miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar (kofe, ba’zi choy turlari, energetiklar);
  • o‘ta sovuq (muzdek) ichimliklar kiradi.

Bundan tashqari, o‘ta issiq kunlarda yengil hazm bo‘ladigan taomlarni kichikroq porsiyalarda va tez-tez iste’mol qilish tavsiya etiladi. Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan meva va sabzavotlarga (tarvuz, qovun, bodring, selderey) ko‘proq e’tibor qaratish lozim.

Salatlar, qatiqli ovqatlar (masalan, okroshka) va sovuq sho‘rva kabi salqin taomlar ham foydali. Terlash orqali yo‘qotilgan tuzning o‘rnini bosish uchun biroz tuzli taomlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Lekin qayta ishlangan va o‘ta sho‘r mahsulotlardan saqlanish kerak.

Ovqat hazm qilish jarayonining o‘zi organizmda issiqlik ishlab chiqaradi. Shu sababli, jaziramada hazm bo‘lishi qiyin sanalgan og‘ir taomlarni iste’mol qilmaslik tananing ichki haroratini past holda saqlashga yordam beradi.

Og‘ir, yog‘li va oqsilga boy taomlar (ayniqsa, qizil go‘sht)ni cheklash zarur. Chunki ularni hazm qilish ko‘proq metabolik issiqlik ishlab chiqaradi. Baliq va sabzavotli oqsillar yengilroq variant hisoblanadi.

Shirinliklar va xamirli ovqatlar holsizlik hamda chanqoq hissini kuchaytirishi mumkin. Jaziramada chanqatadigan mahsulotlar, masalan, o‘ta sho‘r yoki dudlangan go‘sht va baliq mahsulotlari, konservalar iste’molini kamaytirish tavsiya etiladi.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid