Jahon | 13:08 / 25.07.2025
4763
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik erkak Gretsiyada 118 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Gretsiya sudi 37 yoshli chelyabinsklik fuqaroni noqonuniy migratsiyani tashkil qilishda aybdor deb topdi va 118 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Xorijdagi rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlash markazi rossiyalik bilan ishlagan ish beruvchini ayblamoqda.

Foto: Petros Giannakouris/AP/picture alliance

Gretsiya sudi Rossiya fuqarosi Vladimir Kotelnikovni noqonuniy migratsiyani tashkil qilishda aybdor deb topdi va uni 118 yilga ozodlikdan mahrum qildi, shuningdek, 500 ming yevro jarimaga tortdi. Bu haqda 24 iyul, payshanba kuni Rossiyaning bir qancha OAV Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Birlashgan muvofiqlashtirish markazi (YeKsS) vitse-prezidenti Ivan Melnikovning so‘zlariga asoslanib xabar berdi.

Unga ko‘ra, Chelyabinskda tug‘ilgan 37 yoshli Kotelnikov ishlash uchun Gretsiyaga ko‘chib o‘tgan va O‘rta Yer dengizi mintaqasida sayyohlarni tashiydigan yaxtada dengizchi bo‘lib ishga kirgan. Melnikovning so‘zlariga ko‘ra, Kotelnikovning ish beruvchisi sayyohlar niqobi ostida kemaga noqonuniy muhojirlarni o‘tqazib, uni yo‘ldan ozdirgan, shuningdek, unga tahdid qilib, hujjatlarini olib qo‘ygan. Kotelnikov 2024 yil 11 iyun kuni Rodos oroli yaqinida hibsga olingan. U Rossiyada xotini va bolasini qoldirgan.

Melnikovning ta’kidlashicha, bu firibgarlik sxemasi, natijada Turkiyaga ish izlab kelgan rossiyalik fuqarolar firibgarlarning o‘ljasiga tushib qoladi: «Ular Turkiyadan Gretsiyaga noqonuniy muhojirlarni dengiz orqali tashish bilan shug‘ullanadi va yetib kelishi bilan ular shunchaki hibsga olinadi», deb qo‘shimcha qildi u Rossiya Telegram-kanalidagi izohida. Gretsiya qamoqxonalarida xuddi shunday ayblovlar bilan yana 36 rossiyalik o‘tirgani aytiladi.

YeKsS vitse-prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Kotelnikovni ozod qilishda yordam so‘rab murojaatlar yuborgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid