Jahon | 21:19 / 28.07.2025
7177
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sovet qurollari zaxirasi tugab bormoqda

Mamlakat tobora ko‘proq KXDR va Xitoydan yordam yetkazilishiga qaram bo‘lib qolmoqda.

Foto: Financial Times

Rossiya uch yarim yillik keng ko‘lamli urush davomida sovet qurollari zaxiralarini deyarli to‘liq tugatdi, deb yozadi Financial Times Kiyev Iqtisodiyot maktabi (KSE) tadqiqotiga tayanib.

KSE’​​ning logistika tahlili shuni ko‘rsatdiki, Rossiyaning asosiy omborlaridan yetkazib berish 2022 yildagi 242 ming tonnadan 2025 yilda 119 ming tonnagacha kamaygan. Tahlilchilar fikricha, bu resurslar tugab borayotganidan dalolat beradi. «Rossiya hozirda tiklash va ta’mirlash uchun bizga ma’lum bo‘lgan ta’mirlash stansiyalari qayta ishlashi mumkin bo‘lganidan kamroq material yubormoqda», – deya ta’kidlaydi KSE.

Shu bilan birga, FT bilan suhbatlashgan tahlilchilar ta’kidlashicha, zaxiralar qisqarishini Rossiyaning «jangovar qobiliyatini yo‘qotishi»ning aniq belgisi sifatida ko‘rish kerak emas – chunki, birinchidan, Rossiya qo‘shinlarining taktikasi og‘ir sovet qurollaridan kamroq foydalanish tomonga o‘zgardi, ikkinchidan, Moskva yangi zaxiralarni yaratishga katta mablag‘ sarflamoqda.

KSE Rossiya o‘z resurslari tugab borgani sari osiyolik ittifoqchilariga tobora ko‘proq qaram bo‘lib borayotganini ta’kidlagan. Shimoliy Koreyadan Naxodka portiga «portlovchi moddalar» deb belgilangan tovarlar yetkazib berish urushning dastlabki ikki yilida noldan 250 ming tonnagacha oshdi. Kaspiy dengizi portlariga taxminan 13 ming tonna shunga o‘xshash yuklar yetkazildi – katta ehtimol bilan Erondan.

KSE tahlili ayni vaqtda Rossiya mudofaa sanoati uchun asosiy yetkazib beruvchi Xitoy bo‘lishi mumkinligini ham ko‘rsatmoqda. Urush boshlanganidan buyon RF sharqidagi chegaradosh regionlardan yirik harbiy va mudofaa obektlariga yetkazmalar qariyb ikki baravar o‘sgan va 2021 yildan buyon bunday yuklar miqdori uch million tonnaga oshgan. Tahlilchilar taxmin qilishicha, Xitoy (ushbu davlat rasman betaraflik maqomida) RFga o‘limvor qurollar yetkazib bermagan taqdirda ham, u yetkazayotgan uskunalar harbiy sanoat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid