O‘zbekiston | 20:50 / 29.07.2025
1957
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident o‘zbekistonliklarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan muborakbod etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi.

«Mamlakatimizda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari bo‘lgan siz azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman», deyiladi tabrik so‘zida.

Ta’kidlanishicha, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovordir.

«Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim omili bo‘lgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirishni biz yurtimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab oldik va bu borada ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz», deyiladi tabrikda.

Qayd qilinishicha, sohaga doir davlat siyosati tubdan takomillashtirilib, uning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi. Bu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilib, ularning imkoniyatlari birlashtirilib, tizimli va keng miqyosda ish olib borilmoqda.

«Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda», deyiladi tabrik so‘zida.

Ta’kidlanishicha, dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boylik – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlar talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid