O‘zbekiston | 07:40 / 02.08.2025
2397
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarida ijro intizomini mustahkamlash qanday amalga oshiriladi?

Prezidentning «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatda davlat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:

  • qonunlar, farmonlar, qarorlar va prezident topshiriqlarining ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • islohotlarning natijadorligini tizimli o‘rganish va hududlarda ijro intizomini mustahkamlash;
  • ijroni ta’minlash bo‘yicha rahbarlarning mas’uliyatini oshirish;
  • hukumat qarorlari ijrosini tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish;
  • nazorat jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish.

Hisob palatasiga prezident farmonlari, qarorlari, topshiriqlari va buyruqlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha kengaytirilgan vakolatlar beriladi, jumladan:

  • aholi va biznes uchun qonun hujjatlarining samaradorligi va mablag‘larning maqsadli sarflanishini tahlil qilish;
  • ijro intizomini mustahkamlash va mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • prezident administratsiyasini axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
  • qonunchilik va topshiriqlarning ijrosini ta’minlashda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish.

2025 yil 1 sentabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ijroni nazorat qilishni kuchaytirish maqsadida maxsus ishchi guruhlar tashkil etiladi. Bu guruhlarga Hisob palatasi, Adliya vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiradi hamda ular qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini o‘rganish va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari:

  • davlat organlariga qonunchilik va topshiriqlarni samarali ijro etishda ko‘maklashish;
  • ijroga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va tahlil qilish;
  • kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan rahbarlar bilan har chorakda muntazam muhokamalar o‘tkazish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid