O‘zbekiston | 08:03 / 02.08.2025
2719
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasining texnologik sarf me’yorlari belgilanadi

Foto: picture alliance

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda yuzaga keladigan texnologik sarfning ruxsat etilgan me’yorlarini hisoblash va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:

  • elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlarida yuzaga keladigan elektr energiyasining texnologik sarfning ruxsat etilgan me’yorlarini hisoblash (sxema bo‘yicha);
  • hisoblashlarni kelishtirish va elektr energiyasining texnologik sarfning ruxsat etilgan me’yorlarini tasdiqlash;
  • vakolatli organlar va ularning majburiyatlarini belgilash;
  • elektr energiyasining texnologik sarfning ruxsat etilgan me’yorlariga rioya qilishni nazorat qilish va tasdiqlangan me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish.

Texnologik iste’molning ruxsat etilgan me’yorlari elektr tarmog‘i egasi, ya’ni tegishli hududlarda elektr stansiyasi, uzatish tizimi va taqsimlash tizimlari operatorlari tomonidan hisoblanadi.

Birlamchi ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rib chiqiladi va kelishtiriladi. So‘ngra hisoblashlar Energetika vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi va Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan tasdiqlanadi.

Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlaridagi texnologik yo‘qotishlarga quyidagilar kiradi:

  • elektr energiyasining texnik yo‘qotishlari;
  • o‘z ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi;
  • hisob tizimlarining ruxsat etilgan xatolari bilan bog‘liq yo‘qotishlar.

Elektr tarmog‘i obektlari egalari har yili 15 yanvargacha Energetika vazirligiga yil yakunlari bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga olgan batafsil hisobot taqdim etadi:

  • texnologik iste’molning ruxsat etilgan me’yorlari va uning haqiqiy hajmlari to‘g‘risida oylik axborot;
  • haqiqiy ko‘rsatkichlarning ruxsat etilgan me’yorlardan oshishi yoki kamayishi sabablarining batafsil tavsifi;
  • kuzatilgan hodisalar (avariyalar, uzilishlar, ob-havo va boshqa hodisalar);
  • elektr tarmog‘i obektlarining ma’naviy eskirish darajasi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid