Iqtisodiyot | 18:21 / 08.08.2025
8577
2 daqiqa o‘qiladi

Ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari o‘zgarmoqda

1 noyabrdan boshlab, ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Ishsiz qolgan fuqaro bu nafaqani olish uchun so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan bo‘lishi va oxirgi ish joyidan bo‘shaganidan keyin 6 oy ichida murojaat qilishi kerak. Nafaqa 3 oy davomida to‘lanadi.

Foto: Surxondaryo viloyat IIB Matbuot xizmati

“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrdan e’tiboran, ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:

  • ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;
  • 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
  • 2– va 3– oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid